IT Parkda O‘zbekiston Respublikasi elchilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 17-dekabr kuni IT Parkda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi elchilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvning asosiy ma’ruzachilari sifatida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Andreyevich Pekos hamda IT Park direktorining xalqaro aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Ayupov Bahodir so’zga chiqdilar.

Yig‘ilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi elchixonalari ko‘magida IT-xizmatlar va IT-mahsulotlar eksportini oshirish bo‘yicha qo‘shma dastur mexanizmlarini ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi. Uchrashuv doirasida, shuningdek, IT Park faoliyatining asosiy yo‘nalishlari va biznes jarayonlarida autsorsing yo‘nalishini rivojlantirish bo‘yicha rejalarini aks ettiruvchi taqdimot o‘tkazildi.

Elchixonalar tomonidan IT Park rezidentlarini qo‘llab-quvvatlash, xususan, ularni xorijiy davlatlarga olib chiqish masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi.

Tomonlar xorijdagi mijozlar va buyurtmachilar o‘rtasidagi aloqalarni yo‘lga qo‘yish, biznes jarayonlari autsorsingi (BPO) yo‘nalishi rivojlangan mamlakatlarga tashriflar tashkil etish, shuningdek, O‘zbekistonga yirik investor va tashkilotlarni jalb qilish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikka tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Shuning bilan birga ishtirokchilar xorijiy IT-hamjamiyatlarining O‘zbekiston va axborot texnologiyalari sohasidagi salohiyati haqida xabardorligini oshirish maqsadida xorijda keng ko‘lamli PR-kampaniyalar tashkil etish zarurligini ta’kidladilar.

2021-12-18