O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamlashtirish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash faoliyatini qo‘llab-quvvat bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2024-yil 1-fevraldagi PQ-51-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, yoshlarni IT-xizmatlar eksporti sohasida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasblarga tayyorlovchi nodavlat ta’lim tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash ishlarini tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining “IT-xizmatlar eksporti yo‘nalishi bo‘yicha malakali mutaxassislarni tayyorlash faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 86-sonli qarori qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-fevraldagi qarorining 1-bandida nodavlat ta’lim tashkilotlariga bitiruvchisi IT-xizmatlarni eksport qiluvchi tashkilotga ishga joylashganda bazaviy hisoblash miqdorining 75 baravarigacha, nogironligi bo‘lgan yosh bitiruvchisi bunday tashkilotga ishga joylashgan hollarda esa 105 baravarigacha bir martalik subsidiya ajratish tizimini nazarda tutuvchi dastur joriy etish belgilangan.
Dastur doirasida nodavlat ta’lim tashkilotlariga subsidiya quyidagi barcha mezonlar bajarilgan hollarda ajratiladi:
– IT Park rezidenti maqomiga ega bo‘lish;
– bitiruvchi ishga kirgan IT-xizmatlarni eksport qiluvchi tashkilot rezident maqomini olganiga olti oydan oshgan bo‘lishi;
– bitiruvchi IT-xizmatlar eksporti sohasida talab yuqori bo‘lgan Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv yo‘nalishlari bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotida o‘qishni tamomlagan bo‘lishi;
– bitiruvchi IT-xizmatlarni eksport qiluvchi tashkilotda olti oydan ortiq muddat davomida uzluksiz ravishda ishlab kelayotgan bo‘lishi;
– bitiruvchi o‘qishni tamomlaganidan keyin uch oy muddatda eksport qiluvchi tashkilotlarga ishga joylashgan bo‘lishi;
– bitiruvchi ishga kirgan Kompaniyaning yillik eksport xizmatlari hajmi xodimlarga to‘langan umumiy yillik ish haqi miqdoridan kam bo‘lmasli belgilandi.
Qarorga muvofiq, “IT talents” dasturi doirasida nodavlat ta’lim tashkilotlariga bir martalik subsidiya ajratish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti ham belgilandi.
2024-02-14