Koreyaning WiseStone-T kompaniyasi O‘zbekistonda ofisini ochmoqda

IT Park Uzbekistan bosh direktori Farhod Ibragimov rahbarligidagi delegatsiya “WiseStone-T” kompaniyasi bosh direktori Kim In Sok boshchiligidagi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvning asosiy mavzusi O‘zbekistonda Koreya kompaniyasining ofisini ochish hamda biznesni rivojlantirish va mahalliy mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha kelgusi rejalar bo‘ldi.

WiseStone 2007-yilda o'z faoliyatini boshlab Xitoy va Vetnamda ofislari bo'lgan eng yirik Janubiy Koreya korxonalaridan biridir. WiseStone-T shtab-kvartirasi Seulda joylashgan IT sho'ba korxonasi bo'lib, u sinov xizmatlarini, moslashtirilgan texnologik yechimlarni sotishni, sifat kafolati va sifat nazorati bo'yicha konsaltingni taqdim etadi. Hozirda kompaniyada 400 dan ortiq xodim ishlaydi.

Kompaniya bilan muzokaralar aprel oyidan beri olib borilmoqda. Shu vaqt mobaynida Koreya tomoni vakillari mamlakatimiz IT-bozorini o‘rganib, mahalliy infratuzilma va kadrlar bilan tanishdilar. Shuningdek, mutaxassislarni tayyorlash darajasi va jalb qilish strategiyasini baholab, mahalliy nomzodlar bilan dastlabki suhbatlar o‘tkazildi.

Kompaniya vakillari mahalliy mutaxassislarning kasbiy mahorati va kompetensiyalari kompaniya amal qiladigan xalqaro standartlarga mos kelishini ta’kidladilar. Ular, shuningdek, mutaxassislarning ingliz va koreys tillarini erkin bilishlarini alohida qayd etdilar.

Muzokaralar davomida tajriba almashish va xodimlar uchun o‘quv dasturlarini o‘tkazish imkoniyatlari ham muhokama qilindi. Bu esa kadrlar malakasini oshirish va mintaqada mutaxassislar bazasini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Hozirda kompaniya mamlakatda ofisni ro‘yxatdan o‘tkazish va jihozlash jarayoni bilan shug‘ullanmoqda. Faoliyatni yo‘lga qo‘yish jarayonini qo‘llab-quvvatlash uchun Koreyadagi ofisdan boshqaruv xodimlarini jalb qilish rejalashtirilgan. Kompaniya rasman 2025-yil yanvar oyida o‘z faoliyatini boshlaydi va “WiseStone-T” kompaniyasiga IT va mahsulotlarni sinovdan o‘tkazish xizmatlarini ko‘rsatadi.

O‘zbekistonda “WiseStone-T” ofisining ochilishi mamlakat IT-sanoatini rivojlantirishda muhim qadam bo‘lishi, o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratishi va ikki davlat o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashi kutilmoqda. Bundan tashqari, xalqaro miqyosdagi loyihalarda ishlash orqali mahalliy mutaxassislarning raqobatbardoshligi va malakasi oshadi, bu esa ularning xalqaro maydondagi nufuzini ko‘taradi.

 

 

2024-11-06