O‘zbekiston IT bozori shiddat bilan rivojlanmoqda: texnologik mahsulot va xizmatlarga bo‘lgan talabning oshishi natijasida yangi kompaniyalar paydo bo‘lmoqda va takliflarning umumiy hajmi ko‘paymoqda. AKT xizmatlari sohasida yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymatning YAIMga nisbatan ulushi 2021-yildagi 1,5 foizdan 2023-yilda 2,1 foizgacha o‘sdi va mutlaq ko‘rsatkichlarda AKT sohasidagi xizmatlar hajmi shu davrda 11,76 trillion so‘mdan 23,77 trillion so‘mgacha yetdi.
Texnologik mahsulot va xizmatlari O‘zbekistonda o‘z mijozini topgan mahalliy kompaniyalar ichki bozor bilan cheklanib qolmay, xalqaro miqyosdagi imkoniyatlarni ko‘rib chiqishlari mumkin. Bu yerda IT-xizmatlar bozori hajmi 10,5 trillion dollardan oshgan va tahlilchilarning bashoratlariga ko‘ra, 2032-yilga kelib 26,9 trillion dollarga yetadi. Biroq, eksportga chiqish jarayoni qo‘shimcha resurslarni talab qiladi va xatarlar bilan bog‘liq. Eksportchilarni qanday to‘siqlar kutayotgani va ulardan qanday chetlanish mumkinligi haqida maqolada batafsil to‘xtalamiz.
Jahon bozori yo‘lidagi to‘siqlar
Chet ellik mijozlarga o‘z mahsulot va xizmatlarini sotishda tadbirkor qanday asosiy qiyinchilik va muammolarga duch kelishini ko‘rib chiqamiz.
Eksport uchun yo‘nalish
Avvalo, eksport qilinishi mo‘ljallangan hududni tanlash lozim. Buning uchun mamlakatlarning sharoitlarini o‘rganish, tanlangan mintaqada mahsulotga qanchalik talab bo‘lishini tahlil qilish, shuningdek, raqobatchilarning taklif va talablarini o‘rganish zarur.
Masalan, bunday ishlarni SWOT-tahlil, bozor va narxlar tahlili yordamida amalga oshirish mumkin. Iste’molchi va mijozlarning afzalliklarini o‘rganib, bozor dinamikasiga e’tibor qaratish kerak. Eksportchi bozorning haqiqiy hajmi va tuzilishini baholagandan keyingina o‘z mahsulot va xizmatlarini yangi hududga moslashtirish strategiyasini ishlab chiqishi, shuningdek, raqobatchilardan ajralib turadigan o‘ziga xos savdo taklifini yaratishi mumkin. Bu mintaqaviy xususiyatlarni biladigan mutaxassislar bajarishi lozim bo‘lgan ulkan ishdir.
Huquqiy to‘siqlar
Mijozlarning xohish-istaklaridan tashqari, har bir mamlakatda o‘ziga xos huquqiy xususiyatlar mavjud. Masalan, dasturiy ta’minot uchun litsenziya yoki sertifikat talab qilinishi mumkin. Ba’zi mamlakatlarda mahalliy xavfsizlik va maxfiylik standartlariga rioya qilish shart.
Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida shaxsiy ma’lumotlarga nisbatan qat’iy talablar mavjud, Xitoyda esa ma’lumotlarni mahalliy joyda saqlash talab qilinishi mumkin. Kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish masalasi ham muhim: filial ochish kerakmi yoki mahalliy hamkor topish kerakmi?
Bu masalalarni hal qilish uchun yuridik jihatlarning eng maqbul yechimlarini taklif etadigan huquqshunoslar bilan maslahatlashish zarur.
Moliyaviy infratuzilma
Eksport operatsiyalarini amalga oshirishda moliyaviy foyda ko‘rish tadbirkorning asosiy maqsadidir. Xorijiy foydalanuvchi va mijozlardan to‘lovlarni qanday qabul qilish mumkin? Qaysi valyutada bitimlar tuzish, qanday soliqlarni to‘lash kerak bo‘ladi? Qanday imtiyozlardan foydalanish mumkin? Kurs farqidan qanday foydalanish va valyuta xatarlariga tushib qolmaslik mumkin?
Bu savollarga har bir eksportchi duch keladi va ularni o‘rganish uchun tegishli mutaxassislar talab etiladi.
Mahsulotni targ‘ib qilish
Agar tovar yoki xizmat bozor ehtiyojlarini hisobga olgan holda yaratilgan bo‘lsa ham, bu xaridor topilishini kafolatlamaydi. Tadbirkorlar marketing va mijozlarni jalb qilish uchun mablag‘ ajratishlari kerak bo‘ladi. Hududga qarab, reklama narxi farq qilishi mumkin va brendni ilgari surish strategiyalari sezilarli darajada farqlanadi. Ba’zi joylarda raqamli marketing, boshqa joylarda esa "og‘izdan-og‘izga" yoki hamkorlik tarmoqlari samarali ishlaydi.
Sotish kanallarini shakllantirish
Mahsulot qanday sotiladi: to‘g‘ridan-to‘g‘ri mijozlarga yoki distribyutorlar orqalimi? Mahsulotning mijozlar bazasiga kirishini osonlashtirish uchun mahalliy vakolatxona ochish zarur bo‘lishi mumkin. B2B kanallarida muzokaralar uzoq davom etishi va mahsulotlarni moslashtirish talablari yuqori bo‘lishi ehtimoli bor.
Yangi bozorda dastlabki mijozlarni topish hatto mahsuloti O‘zbekistonda talabga ega bo‘lgan tadbirkorlar uchun ham jiddiy sinovdir.
Mijozlarga xizmat ko‘rsatish va madaniy xususiyatlar
Ba’zi mahsulotlar uchun mahalliy tildagi yo‘riqnoma yetarli bo‘lsa, boshqalari uchun bir nechta tilni qo‘llab-quvvatlaydigan uzluksiz mijozlar xizmati talab etiladi. Ayrim hududlarda mijozlar mahalliy tilda tezkor javob va yordam olishni kutishadi.
Bundan tashqari, qo‘llab-quvvatlash xizmati ma’lum vaqt mintaqalarida ishlashi kerak. Shuni ham yodda tutish lozimki, ba’zi hududlarda turli o‘lchov birliklari qo‘llaniladi. Eksportga chiqishda bu xususiyatlarni hisobga olish zarur.
Yechimlar bormi?
Agar tadbirkorda aniq harakatlar rejasi va tahliliy ish natijalari bo‘lsa, ular asosida optimal qarorlar qabul qilish imkoni bo‘lsa, yangi bozorlarga chiqish osonroq kechadi. Buning uchun mehnat bozorida topish qiyin bo‘lgan tajribali mutaxassislar kerak bo‘ladi, o‘z navbatida, xodimlar sonini ko‘paytirish katta xarajatlarni talab qiladi. Bu hamma tadbirkorlarning ham qo‘lidan kelavermaydi, lekin bozorlarni egallash istagi ularni harakat qilishga undaydi. Buni minimal xatarlar bilan qanday amalga oshirish mumkin?
Local2Global dasturi
IT Park Uzbekistan timsolida davlat tadbirkorlarning o‘z mahsulotlari va xizmatlarini sotish geografiyasini kengaytirishdagi murakkab va mashaqqatli yo‘lini tushunadi. Shu sababli, potensial eksportyorlar uchun “Local2Global” dasturi ishga tushirildi. Bu dastur doirasida quyidagi xarajatlar uchun 50% kompensatsiya olish mumkin:
“Local2Global” dasturi ishtirokchilari “Coursera” ta’lim platformasidagi bir qator kurslardan bepul foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Ushbu kurslar orqali eksportga yo‘naltirilgan kompaniyalar xodimlari foydali bilim va ko‘nikmalarni egallaydilar.
Eksport akseleratori
“Local2Global” dasturi, shuningdek, mahalliy biznesni global biznesga aylantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni taklif etadi, chunki mahalliy bozorda samara bergan mexanizmlar xalqaro bozorda natija bermasligi mumkin. “Local2Global” platformasi asosidagi eksport akseleratori tadbirkorlarga eksport faoliyatida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan kuchli va zaif tomonlarini aniqlash imkonini beradi.
Bu orqali O‘zbekistondagi kompaniyalar texnik va uslubiy yordam oladi, rahbarlar esa strategik fikrlash ko‘nikmalarini o‘zlashtiradi. 2024-yil oktyabr oyida eksport akseleratorining birinchi bosqichi yakunlandi. Bu bosqichda kompaniyalar rahbarlari asosiy ko‘nikmalarni egalladi va xalqaro ekspertlar bilan aloqa o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Masalan, seminar va amaliy mashg‘ulotlarni Janubiy Koreyadan kelgan, xususan, “Blizzard Entertainment” va “Microsoft” kompaniyalari bilan autsorsing bo‘yicha tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislar olib bordi. “Ginza Soft”, “ITCOMMS”, “LaunchLab”, “PROXYPLANET” kabi kompaniyalar vakillari esa mentor sifatida ishtirok etdi.
“Local2Global” platformasi “Realsoft AI” va “Modrean AI” o‘rtasidagi hamkorlikning boshlang‘ich nuqtasiga aylandi. O‘zbekistonning “EVEGOPLAYON” o‘yin studiyasi dasturda ishtirok etish orqali Koreyaning “PROXYPLANET” kompaniyasi bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatdi.
Yevgeniy Ponomarev, “EVEGOPLAYON” bosh direktori va hammuassisi:
“Hozirda biz faol kengayishni, jumladan, faoliyatimiz geografiyasini Sharqqa kengaytirishni rejalashtirmoqdamiz. Koreya bozori dunyodagi eng yirik o‘yin ishlab chiqarish bozorlaridan biri sifatida biz uchun juda qiziqarli. ‘Proxy Planet’ bilan hamkorlik Koreya studiyalari bilan yangi aloqalar o‘rnatish uchun ko‘prik vazifasini o‘taydi.
IT Park Uzbekistan xodimlariga, xususan, ‘Local2Global’ bo‘limiga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Ular rezident kompaniyalarga yangi bozorlarga chiqishda yordam berishadi va Koreya kompaniyalari bilan uchrashuvlar tashkil etishadi. Ishonchim komilki, Koreya bozoridagi bir nechta loyihalardan so‘ng biz o‘zimizni yaxshi tomondan ko‘rsatamiz va bozorda mustahkam o‘rin egallaymiz.”
Local2Global dasturiga qanday qo‘shilish mumkin?
Dasturda ishtirok etish uchun kompaniyalar quyidagi mezonlarga javob berishi kerak:
Barcha rezidentlar avtomatik ravishda dasturda ishtirok etadilar va ular faqat xarajatlarni qoplash uchun ariza topshirishlari kerak. Hamjamiyatning bir qismi bo‘lish uchun ular biz bilan bog‘lanishlari mumkin. Veb-saytimizda arizani to‘ldiring.
“Local2Global” bilan jahon bozori yanada yaqinroq bo‘ladi!
2025-02-11