Joriy yilning 5-mart kuni Navoiy shahrida IT Park yangi filialining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda Navoiy viloyati hokimi o‘rinbosari Erkin Kamolov, Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashev, IT Park bosh direktori o‘rinbosari Fayzulla Aripjanovlar ishtirok etdi.
Navoiy shahridagi IT Park filiali zamonaviy uch qavatli bino bo‘lib, axborot texnologiyalari sohasida ishlash va o‘qitish uchun zarur bo‘lgan barcha narsalar bilan jihozlangan. U oʻquv xonalari, seminarlar xonasi, kovorking maydoni, IT-kompaniyalari bilan uchrashuvlar zali va rezidentlar uchun ofis maydonini oʻz ichiga oladi.
Ta’kidlash joizki, IT Park filialining barcha binolari tunu-kun ishlaydi, uzluksiz elektr ta’minoti, yuqori tezlikdagi internet, konditsioner tizimlari, 24 soat xavfsizlik va qulay mehnat qilish uchun boshqa zarur qulayliklar bilan ta’minlangan.
E’tiborlisi, 2022-yil yakuniga ko‘ra viloyatda atigi 18 ta kompaniya IT Park rezidenti bo‘lib, ularning eksporti hajmi 20 ming dollarni tashkil etdi. Biroq 2023-yil oxiriga kelib bu raqamlar sezilarli darajada oshdi: rezident kompaniyalar soni 32 taga yetdi, ular ko‘rsatgan eksport xizmatlari hajmi esa 1 million dollardan oshdi. Bu hududda IT-sanoati muvaffaqiyatli rivojlanib borayotganidan va Navoiy shahridagi IT-parkning bu boradagi ishlar samaradorligidan dalolat beradi.
Filial rezidentlari orasida “Softex” (dasturiy taʼminot ishlab chiqarish), “IT Dataware” (IT xizmatlari eksporti), “Xiradmand Zarafshon” (masofaviy xizmatlar eksporti), shuningdek, “Sensorika” va IT-ta’lim bilan shug‘ullanadigan “Susys-Academy” kompaniyalari bor.
Shuningdek, Navoiy viloyati hokimi o‘rinbosari Erkin Kamolov, Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashev va Navoiy viloyatidan kelgan IT Park rezidentlariga mahalliy kompaniyalarning xalqaro bozorga chiqishida qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekistonga xorijiy kompaniyalarni jalb etishga qaratilgan IT Park dasturlari haqida so‘zlab berildi.
Xususan, “Zero Risk” (O‘zbekiston bozoriga minimal xavf va xarajatlar bilan kirishni xohlovchi xorijiy IT-kompaniyalar uchun dastur), Local2Global (O‘zbekistondagi mahalliy kompaniyalarning eksport faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida xalqaro bozorlarga chiqishda ularni qo‘llab-quvvatlash) va Regional Headquarters (xalqaro xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalarga subsidiyalar taqdim etish) dasturlari haqida ma’lumot berildi.
Navoiy shahrida IT Park filialining ochilishi viloyatda axborot texnologiyalari rivojiga ko‘maklashish, dasturlash va IT-loyihalar bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yoshlar uchun qulay shart-sharoit yaratilishini anglatadi.
2024-03-07