IT Park Uzbekistan va Germaniyaning “Askania Future GmbH” kompaniyasi nemis tilini biladigan va xalqaro sertifikatga ega bitiruvchilarni tayyorlash hamda keyinchalik ishga joylashtirishga qaratilgan qoʻshma tashabbuslarni muhokama qildilar. Hozirda Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda butun Oʻzbekiston boʻylab oʻquv markazlarini tashkil etish, shuningdek, Germaniyaning “Ausbildung” tizimiga oʻxshash dual taʼlim tizimini joriy etishni oʻz ichiga olgan loyiha amalga oshirilmoqda.
Bu nima uchun muhim?
“Askania Future GmbH” Markaziy Osiyodan, ayniqsa Oʻzbekistondan amaliyotchilarni Germaniyaga ishga joylashtirishga ixtisoslashgan. Kompaniyaning vazifasi Yevropa mamlakatlari uchun xodimlar tanlashdir. “Askania Future GmbH” kompaniyasining Oʻzbekistondagi hamkori “Profi Deutsch” oʻquv markazi boʻlib, u allaqachon 57 nafar oʻqituvchining malakasini Germaniyada oʻqitish orqali oshirgan.
Bugungi kunda BPO sohasida nemis tilini C1 darajasida biladigan mutaxassislarning sezilarli tanqisligi kuzatilmoqda. Shu bois, Oʻzbekistonda taʼlim tashabbuslarini joriy etish muhim qadam boʻlib, bu yangi ish oʻrinlarini yaratish va mamlakatdan tashqariga chiqmasdan $800 dan munosib daromad olish imkoniyatini taʼminlaydi.
Uchrashuv davomida mamlakatning barcha hududlarini qamrab olgan holda nemis tilini C1 darajasigacha oʻrgatishga qaratilgan “Askania Future GmbH” oʻquv dasturlarini ishga tushirish muhokama qilindi. Dastur, shuningdek, kompyuter savodxonligi boʻyicha ilgʻor koʻnikmalarni rivojlantirish uchun qoʻshimcha kurslarni oʻz ichiga oladi. Kelajakda IT Park Uzbekistan bitiruvchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashni, jumladan ularni BPO sohasida faoliyat yuritayotgan xalqaro kompaniyalarga ishga joylashish uchun malakali nomzodlar bazasiga kiritishni taʼminlaydi.
“Askania Future GmbH” bosh direktori Ingo Yung taʼkidlashicha, kompaniya uzoq vaqtdan beri Oʻzbekiston kabi jadal rivojlanayotgan mamlakatlar bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini izlamoqda. Oʻzbekistonning demografik afzalliklari, jumladan yosh aholi va yuqori mehnatsevarlik darajasi uni kompaniya tashabbuslari uchun ideal hamkorga aylantiradi.
“Ishonchimiz komilki, bunday taʼlim dasturlarini ishga tushirish va xalqaro sertifikatlash standartlarini joriy etish orqali biz jahon bozorida talab yuqori boʻlgan mutaxassislarni tayyorlay olamiz,” — deb taʼkidladi Ingo Yung.
IT Park Uzbekistan Xizmatlar eksportini rivojlantirish bo’yicha direktori Mahliyo Muksinova Oʻzbekiston bugungi kunda oʻz imkoniyatlarini kengaytiruvchi xorijiy ITES-kompaniyalari uchun eng talabgir IT-hablardan biri ekanligini taʼkidladi. Mamlakat katta kadrlar salohiyatiga va yuqori darajadagi kasbiy tayyorgarlikka ega boʻlib, bu uning raqobatdosh ustunliklarini taʼminlaydi. Mutaxassislar oʻrtasida xorijiy tillarni bilish darajasining oshishi ushbu pozitsiyalarni mustahkamlaydi va Oʻzbekistonni xalqaro kompaniyalar uchun yanada jozibador qiladi.
“Askania Future bilan sheriklik hamkorlarimiz uchun ham, Oʻzbekiston uchun ham katta istiqbollar ochadi. Xorijiy tillarni, ayniqsa nemis tilini bilish yosh mutaxassislarning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini sezilarli darajada oshiradi. Bu fuqarolarimizga oʻz vatanida qolib, xalqaro ITES-kompaniyalarida yuqori maoshli ish topish imkonini beradi,” — deya qoʻshimcha qildi Mahliyo Muksinova.
Ingo Yung qoʻshimcha qilishicha, “Askania Future GmbH” sunʼiy intellektdan foydalangan holda taʼlim jarayonlarini raqamlashtirish ustida faol ishlamoqda. Bu esa yosh mutaxassislarni oʻqitishni yanada samarali va keng auditoriya uchun qulay qiladi. Xususan, kurslarni tamomlagan talabalarga ularning malakasini tasdiqlovchi xalqaro sertifikatlar beriladi.
Ushbu tashabbuslar global darajada ishlay oladigan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash orqali yangi ish oʻrinlarini yaratish va Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi. Innovatsion taʼlim modellarini joriy etish va til kompetensiyalarini rivojlantirish, jumladan “Askania Future” kabi hamkorlar bilan hamkorlik qilish Oʻzbekistonga jahon mehnat bozorida oʻz oʻrnini mustahkamlash va milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradi.
2025-01-21