Oʻzbek delegatsiyasining BAAga tashrifi

2023-yilning 13–15-fevral kunlari O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi delegatsiyasi, shuningdek, IT Park Uzbekistan direktori Farhod Ibragimov boshchiligidagi IT Park Uzbekistan delegatsiyasi Birlashgan Arab Amirliklariga xizmat safari bilan tashrif buyurishdi. Tashrif davomida ular bir qator uchrashuvlar o‘tkazdilar.

Dubai Internet City boshqaruvchi direktori – Ammar Al Malik bilan uchrashuv

14-fevral kuni O‘zbekiston delegatsiyasi texnologik markazlardan biri bo‘lgan va TECOM Group tarkibiga kiruvchi Dubai Internet City erkin zonasi vakillari bilan uchrashdi.

Boshqaruvchi direktor Ammar Al Malik “Dubai Internet City”da barcha sanoat tarmoqlari uchun qanday qulay sharoitlar yaratilayotgani, shuningdek, ularning biznes ehtiyojlarini qoʻllab-quvvatlaydigan jamoalar shakllantirilayotgani haqida soʻzlab berdi.

O‘zbek tomoni imtiyozlar berish, IT-kompaniyalarni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va texnoparkni xususiylashtirish tajribasini o‘rganib chiqdi. Bundan tashqari, tomonlar oʻrtasidagi hamkorlikning bir qator yoʻnalishlari, xususan, Dubai Internet City orqali IT Park rezidentlari salohiyatini roʻyobga chiqarish masalalari muhokama qilindi.

Dubai International Financial Centre rahbari – Essa Kazim Janobi Oliylari bilan uchrashuv

14-fevral kuni delegatsiya Dubay xalqaro moliya markazi (DIFC) boshqaruvi raisi Janobi Oliylari Essa Kazim bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuv davomida ushbu tajribani O‘zbekiston sharoitida qo‘llash maqsadida Dubay xalqaro moliya markazida yaratilgan maxsus iqtisodiy zona va startap ekotizimini o‘rganish taklif qilindi.

Tomonlar rezidentlar uchun “ingliz huquqi” normalarini qo‘llashning ustuvor masalalarini o‘rganish va tartibga solish nuqtai nazaridan IT Park rezidentlariga bank xizmatlarini ko‘rsatish uchun maxsus shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha tajriba almashishga kelishib oldilar.

IT Park Uzbekistan va DIFC o‘rtasidagi hamkorlik masalasini o‘rganish doirasida DIFC filiallaridan biri – “Innovation Hub” rahbari janob Muhammad Al-Blushi bilan qo‘shimcha uchrashuv bo‘lib o‘tdi va u mehmonlarni markaz faoliyati bilan tanishtirdi.

Uchrashuv davomida “Innovation Hub” DIFC vakillari IT Park qoshida “Innovatsion moliya markazi”ni tashkil etish doirasida Oʻzbekiston Markaziy banki bilan hamkorlikda moliyaviy texnologiyalar sohasida maxsus huquqiy rejimni (tartibga soluvchi sandbox) tashkil etishni taklif qilishdi.

Ular moliyaviy texnologiyalar sohasida ushbu tartibga soluvchi sandboxʼni ishlab chiqishda tashqi hamkor sifatida harakat qilishga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasiga mutaxassislarni yuborishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

BAA Bosh vaziri devoni Bosh direktori – Janobi Oliylari Abdulla Luta bilan uchrashuv

2023-yilning 15-fevral kuni Dubayda bo‘lib o‘tgan 2023-yilgi Butunjahon hukumati sammiti doirasida BAA Bosh vaziri devoni Bosh direktori – Janobi Oliylari Abdulla Luta bilan maxsus uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda tomonlar “mGovAward” va “OMUC” (Bir million oʻzbek dasturchilari) loyihalarining birgalikdagi yutuqlarini muhokama qildilar.

BAA vakili ushbu loyihalardagi hamkorlik boshqa mamlakatlar bilan amalga oshirilgan loyihalar orasida ajralib turishi va eng muvaffaqiyatlisi ekanini ta’kidladi.

Shu bilan birga, axborot texnologiyalari sohasida mazkur yo‘nalishlarni rivojlantirish, jumladan, IT-tadbirkorlikni rivojlantirish va yosh IT-mutaxassislarni ishga joylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ayni paytda 2023–2024-yillarga mo‘ljallangan qo‘shma hamkorlik dasturini yaratish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

2023-02-18