Amerikaning “Numeo” sun’iy intellekt startapida yetakchi muhandis lavozimida ishlayotgan Asad Usmonovning yo‘li Surxondaryoda 14 yoshida dasturlashdan boshlangan va uni YouTube’da Akmal Qodirov bilan suhbat ilhomlantirgan. Bugun u biznes jarayonlarini avtomatlashtirish yondashuvini o‘zgartiradigan ovozli sun’iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqmoqda. IT Park Uzbekistan Asad bilan uni nima ilhomlantirishi, faoliyatidagi qiyinchiliklarni qanday yengib o‘tgani va kelajak rejalari haqida suhbatlashdi.
“The Tech” bilan hamkorlikda IT Park Uzbekistan xorijiy kompaniya va startaplarda yuksak kasbiy yutuqlarga erishgan o‘zbekistonlik mutaxassislarning muvaffaqiyat tarixlarini yoritib boradi.
Asad Usmonov — Surxondaryo, “Numeo” kompaniyasida yetakchi muhandis, LinkedIn
IT sohasiga yo‘l: motivatsiya va ilk qadamlar
Dasturlashga qiziqishim kutilmaganda — Akmal Qodirov bilan suhbatdan so‘ng uyg‘ongan. O‘shanda tushundim: agar u IT sohasida karyera qura olgan bo‘lsa, men ham uddalay olaman. Matematikani o‘rganishda katta opam meni doim qo‘llab-quvvatlagan, amakivachchalarim esa ingliz tilini sevib qolishimga sabab bo‘lgan. Shu poydevor tufayli men ingliz tilidagi bepul onlayn kurslarni bemalol o‘zlashtira olardim.
O‘sha paytda Surxondaryodagi o‘quv markazlarining narxi oyiga taxminan 80 dollar bo‘lgan — oilamiz uchun bu anchayin katta mablag‘ edi. Shuning uchun men bepul resurslardan boshladim: HTML, CSS, JavaScript, React — barchasini mustaqil o‘rgandim. Oilamga va o‘zimga jiddiy ekanimni isbotlash uchun mahalliy kompaniyada tekin ishlay boshladim. Shu orqali tajriba orttirdim va bir necha oydan so‘ng, dam olish kunlarisiz kuniga 12 soat ishlagan holda, ilk bor 100 dollar ishlab topdim.
To‘g‘risini aytsam, bu juda qiyin bo‘ldi: yosh, tajribasizlik, ishonchsizlik. Ammo aynan shu davr meni chiniqtirdi — boshqalarning ma’qullashini kutmasdan, harakat qilishni o‘rgandim.
Hakatonda g‘alaba va ilk buyurtmalar
IT Park tomonidan Surxondaryoda tashkil etilgan xakatondagi g‘alaba men uchun burilish nuqtasiga aylandi. Bu menga ishonch berdi va “Fiverr” platformasi orqali birinchi haqiqiy frilans buyurtmalarini olishimga sabab bo‘ldi. Men portfoliomni to‘pladim, barqaror daromadga ega bo‘ldim va tug‘ilgan shahrimdan chiqmasdan oilamga yordam bera boshladim.
Nega aynan sun’iy intellekt va Voice yo‘nalishini tanladim
Bir payt kelib shuni angladim: men insonlar texnologiyalar bilan qanday aloqada bo‘lishini tubdan o‘zgartira oladigan sohada ishlamoqchiman. Shu tariqa men AQShdagi “Numeo.AI” startapiga qo‘shildim — bu kompaniya yangi avlod ovozli agentlarini ishlab chiqmoqda.
“Numeo” kompaniyasida yetakchilik — bu shunchaki chiroyli lavozim emas. Bizda har kuni amal qilinadigan beshta tamoyil mavjud:
Aynan shu tamoyillar asosida men tobora ko‘proq mas’uliyatni zimamga ola boshladim — va shunday qilib yetakchi muhandis lavozimigacha ko‘tarildim.
Nega aynan Voice AI? Chunki ovoz — eng tabiiy muloqot shakli. Biz “Numeo.AI”da shunday ovozli agentlarni yaratmoqdamizki, ular faqat buyruqlarga javob bermasdan, butun harakatlar zanjirini amalga oshira oladi. Masalan, bitta ovozli buyruq yuk mashinasini qidirishni boshlaydi, yuk holatini tekshiradi, jo‘natuvchi bilan bog‘lanadi va yo‘l harakati sharoitlarini inobatga olgan holda yo‘nalishni optimallashtiradi.
AQSH uchun ovozli sun’iy intellekt ishlab chiqishdagi qiyinchiliklar
Eng katta qiyinchilik — bu ovozning tabiiy eshitilishini ta’minlash. Bu yo‘lda bir nechta muammo mavjud:
Shunga qaramay, “Sesame” modellari kabi so‘nggi yutuqlar shuni ko‘rsatadiki, biz sun’iy ovozni insonnikidan ajratib bo‘lmaydigan bosqichga juda yaqinmiz.
Ishonchim komilki, 5–10 yil ichida ovozli sun’iy intellekt nafaqat savollarga javob beradi, balki ehtiyojlarni oldindan sezib, faol harakatga o‘tadi. U inson hissiyotlarini tushunishni va ularga hamdardlik bilan munosabatda bo‘lishni o‘rganadi — bu esa butun yondashuvni o‘zgartiradi.
Ustozlar va mustaqil ta’limning roli
Men faqat maktabni tamomlaganman, ammo har kuni o‘qishni davom ettiraman. Mening asosiy tamoyilim — har narsadan va har kimdan o‘rganish: maqolalar, videolar, ochiq manbalar. Har bir bosqichda yonimda ustozlarim bo‘lgan. Ayniqsa, “Numeo.AI” texnik direktori Behzod Qodirovni alohida e’tirof etaman — uning murabbiyligi menga murakkab vazifalarni bajarishda va qilayotgan ishimizga yangicha nigoh bilan qarashda yordam beradi.
Muhit qanday shakllandi va uni kimlar tashkil etadi?
Mening atrofimdagi muhit asta-sekin shakllandi. Avval boshda faqat men va akam bor edik — IT haqida deyarli hech narsa bilmasdik, lekin birga o‘rganib, yangi narsalarni kashf qilardik. Bundan tashqari, atrofimda texnologiya sohasidagi odamlar yo‘q edi, shuning uchun hamfikrlarni faol ravishda qidirardim — avval onlayn hamjamiyatlar orqali, keyin esa ishlagan kompaniyalarimda.
Hozirda asosiy muhitim — bu “Numeo” jamoasi. Biz haftasiga 6 kun, kuniga taxminan 15 soat ishlaymiz, bu esa oramizda kuchli aloqani yuzaga keltirgan. Men uyg‘onaman, butun kunni hamkasblarim bilan o‘tkazaman va uxlashga yotaman — bu oddiy ish emas, balki kasbiy oiladek tuyuladi. Men atrofimni texnologiyaga va sun’iy intellekt sohasidagi rivojlanishga chin dildan qiziqadigan insonlar bilan o‘rab olishga harakat qilaman.
IT sohasi tashqarisidagi muloqot
Aytishim kerakki, men IT sohasidan tashqaridagi odamlar bilan deyarli muloqot qilmayman — oilamdan tashqari, deyarli barcha tanishlarim va yaqinlarim IT sohasida ishlaydi. Mening butun hayotim dasturchilar, muhandislar va texnologiyaga oshno insonlar bilan o‘ralgan. Ish, o‘qish, hattoki oddiy suhbatlar ham texnologiyalar olamida kechadi.
Netvorking tadbirlari haqida
Men “Numeo” jamoasiga qo‘shilganimdan beri, agar bu juda muhim va yirik tadbir bo‘lmasa, netvorking tadbirlarida ishtirok etmayman. Chunki har kungi ishimizning o‘zi juda katta o‘quv jarayoniga o‘xshaydi.
Har bir jamoada o‘zining alohida “qo‘ng‘iroq xonasi” mavjud — bu yerda kun bo‘yi barchamiz aloqadamiz. Biz shunchaki suhbatlashmaymiz — ish davomida ekran almashib, tajribali dasturchilarning qanday muammolarni hal qilayotganini jonli kuzatish imkoniga egamiz. Kimdir yangi yoki qiziqarli narsani topsa, darhol jamoa bilan bo‘lishadi. Kimdir qiyinchilikka duch kelsa — xuddi o‘sha suhbatda yordam beradigan kishi topiladi. Bu esa juda hamkorlikka asoslangan va tezkor o‘rganish muhitini yaratadi.
IT sohasida hamfikrlarni qanday topish mumkin
IT sohasida hamfikrlarni topishning eng yaxshi yo‘li — o‘zingiz ishlayotgan joydan boshlash. Siz ko‘p vaqtni jamoangiz bilan o‘tkazasiz, shuning uchun to‘g‘ri kompaniyani tanlash juda muhim. Korporativ madaniyat o‘rganish, hamkorlik va rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashi zarur — to‘g‘ri insonlar qurshovida bo‘lsangiz, yutuqlarga tezroq erishasiz.
Bundan tashqari, onlayn hamjamiyatlar va forumlar juda foydali. Masalan, biz “Numeo”dagi ovozli yordamchimizni takomillashtirayotgan paytimizda men “Slack” platformsidagi “LiveKit” hamjamiyatida faol bo‘ldim — fikr bildirdim, savollar berdim, hatto yordam so‘ragan boshqa bir dasturchiga ko‘mak berdim. Keyinchalik ular yaratgan ovozli yordamchi sifati biznikidan ancha yuqori ekanini ko‘rdik va ulardan yordam so‘radik — ular mamnuniyat bilan yordam berdi. Bu ovozli yordamchilarni telefon qo‘ng‘iroqlari bilan integratsiya qilish bo‘yicha keyingi hamkorlikka olib keldi va natijada mustahkam aloqa o‘rnatdik. Bunday munosabatlar oddiy faollik, yordam berishga tayyorlik va qiziquvchanlikdan boshlanadi.
Bo‘sh vaqtdagi mashg‘ulotlar haqida
Rostini aytsam, hozirda deyarli bo‘sh vaqtim yo‘q. “Numeo”da haftasiga 6 kun, kuniga 15 soat ishlaymiz — deyarli butun vaqtim qurayotgan loyihamizga bag‘ishlangan. Yettiinchi kun bizda jamoaviy qoidaga ko‘ra kitob o‘qiladi — buni faqat jiddiy sabab bo‘lsagina o‘tkazib yuborish mumkin. Dushanba kungi tonggi yig‘ilishda esa o‘qigan narsalarimiz bo‘yicha tajribamizni o‘rtoqlashamiz.
Shunga qaramay, to‘xtamasdan ishlash — imkonsiz. Haddan tashqari charchoqning oldini olish uchun, ko‘pincha uzoq piyoda sayrga chiqaman — bu fikrlarimni tiniqlashtirishga yordam beradi. Bu butunlay to‘xtash va qayta ishga tushish uchun eng yaxshi usul. Bunday sayrlar menga keyingi 3–4 kunlik mashaqqatli mehnat uchun quvvat berishi mumkin.
Kelgusi rejalar
Yaqin yillarda AI-avtomatlashtirish va Agentic Workflows sohasida o‘z startapimni ishga tushirmoqchiman. Ishonchim komilki, ovozli texnologiyalar va sun’iy intellekt butun dunyo bo‘ylab biznes jarayonlarini tubdan o‘zgartiradi — men esa aynan shu o‘zgarishlarning old qatorida bo‘lishni xohlayman.
Yosh dasturchilarga maslahatlar
Eng asosiysi: kimdir siz uchun imkoniyat yaratishini kutmang — o‘zingiz yarating.
Asadning yo‘li — mustaqil ta’lim, qat’iyat va texnologiyalarga bo‘lgan muhabbat inson oldida butun bir imkoniyatlar olamini ochishi mumkinligiga yaqqol misol. Bunday hikoyalar yana ko‘plab O‘zbekistonlik yoshlarni o‘z kuchiga ishonishga va global sun’iy intellekt hamjamiyati bilan birga kelajakni barpo etishga ilhomlantiradi.
2025-07-29