O‘zbekiston delegatsiyasi Bokuda bo‘lib o‘tgan INMerge Innovation Summit’da ishtirok etdi

Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan delegatsiyasi Bokuda o‘tkazilgan “INMerge Innovation Summit” xalqaro innovatsion sammitida qatnashdi. O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibiga Raqamli texnologiyalar vazirligining Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Mahmud G‘iyosov, Xorazmdagi IT Park filiali rahbari Hojiakbar Bobojonov va Jizzaxdagi IT Park filiali rahbari Adham Abdullayev kirdi.

Sammit doirasida “MuleSoft”, “Caspian Soft Technologies”, “Softgile”, “Joint Logic Technologies”, “Sergek Group”, “Seculayer”, “Dapti”, “Bomensoft” va “Competo LLC” kabi bir qator mahalliy IT-kompaniyalar bilan uchrashuvlar, shuningdek, gruziyalik biznes-maslahatchi Iya Dreydze bilan samarali muzokaralar o‘tkazildi. Suhbatlar davomida tomonlar IT va BPO sohasidagi hamkorlik imkoniyatlari, startaplar bilan ishlash tajribasi, hamda axborot texnologiyalarini rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga bo‘lgan qiziqishni muhokama qildilar.

Bundan tashqari, delegatsiya Bokunning yetakchi IT-kompaniyalari — “ITB Techo”, “MarLab Growth Agency”, “Crocusoft” va “Inlab LLC” ofislariga tashrif buyurdi. Tashrif yakunida tomonlar bir qator dastlabki kelishuvlarga erishdilar. Bular qatoriga O‘zbekistonda Ozarbayjon IT-kompaniyalarining vakolatxonalarini ochish va qo‘shma faoliyat yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish, ikki davlat mutaxassislari uchun kadrlar almashinuvi va amaliyot dasturlarini tashkil etish, startaplar va texnoparklar o‘rtasida hamkorlik loyihalarini rivojlantirish, shuningdek, investitsiya va eksport salohiyatini kengaytirish bo‘yicha amaliy yo‘l xaritasini ishlab chiqish kiradi. Shuningdek, vakolatxonalar ochilgandan so‘ng ularning mahsulotlarini O‘zbekistondan Markaziy Osiyo mamlakatlariga eksport qilish bo‘yicha kelishuvlar ham imzolandi.

“INMerge Innovation Summit” tadbirida ishtirok etish O‘zbekiston IT-ekotizimini xalqaro maydonda ilgari surish uchun muhim qadam bo‘ldi. O‘tkazilgan muzokaralar O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qildi. Kelajakda qo‘shma dasturlarni amalga oshirish, rasmiy bitimlar imzolash, innovatsiyalar va raqamli texnologiyalar sohasida yangi loyihalarni ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

2025-10-07