O‘zbekiston delegatsiyasining Xitoyga tashrifi: PCCW, China Mobile va Huawei

O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligining vazir Sherzod Shermatov boshchiligidagi va IT Park direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulahad Kuchkarov ishtirokidagi delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasiga xizmat safari bilan tashrif buyurishdi.

Xizmat safarining birinchi kuni

Xizmat safarining doirasida, 17-aprel kuni delegatsiya PCCW” ofisiga tashrif buyurib, u yerda 5G asosida qurilgan ilg‘or aloqa xizmatlari bilan tanishdi.

Shuningdek, PCCW vakillari mehmonlarni Gonkongda zamonaviy LTE/5G mobil aloqa tarmoqlarini qurish, kengaytirish va joriy etish bo‘yicha ilg‘or tajribalar bilan tanishtirdilar hamda raqamlashtirish va telekommunikatsiya sohalarini rivojlantirish strategiyasi, jumladan, yangi mobil aloqa texnologiyalaridan foydalanish usullari bo‘yicha o‘z tajribalari bilan boʻlishdilar.

“PCCW vakillari oʻzlarining tarmoqni boshqarish hamda politsiya, aviakompaniyalar, banklar va xususiy internet kompaniyalari kabi davlat tashkilotlarining maʼlumotlarini qayta ishlash boʻyicha autsors xizmatlarini namoyish etdilar.

Taqdimotdan so‘ng tomonlar sohani rivojlantirish bo‘yicha fikr va qarashlar bilan almashib, hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar.  Uchrashuvdan so‘ng “PCCW” operatorining “Data markazi”ga tashrif uyushtirildi.

Tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasiga Data markazining imkoniyatlari va uning infratuzilmasi, shuningdek, bunday muassasalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish bo‘yicha ijobiy tajriba haqida so‘zlab berildi.

Maʼlumot uchun: PCCW – Gonkongda joylashgan axborot-kommunikatsion texnologiyalari sohasida faoliyat yurituvchi kompaniya bolib, Yevropa, Yaqin Sharq, Afrika va Amerikada faoliyat yuritadi. Kompaniya asosan kichik, orta va katta kompaniyalarga AKT xizmatlarini ko‘rsatadi.

Shu kuni O‘zbekiston delegatsiyasi Gonkongda joylashgan China Mobile Data markaz rahbariyati bilan uchrashdi.

China Mobile vakillari Data markazining faoliyati, uning imkoniyatlari va yutuqlari haqida soʻzlab berishdi.

Mehmonlarga maʼlumotlar markazlariga berilgan infratuzilma va uskunalarning ishonchliligi standarti — Tier 3 asosida ishlab chiqilgan markaz infratuzilmasi haqida maʼlumot berildi. Mazkur markaz yashil texnologiyalar kabi turli sohalarda kompaniya xizmatlari sifatini yaxshilashga qaratilgan.

Kompaniya tomonidan abonentlar uchun virtual serverlar va bulutli texnologiyalar asosida xizmatlardan foydalanish va kompaniya mijozlari o‘zlarining server qurilmalarini joylashtirish uchun imkoniyat yaratilgan.

Xizmat safarining ikkinchi kuni

18-aprel kuni ish safari doirasida O‘zbekiston vakillari Huawei kompaniyasining Shenchjendagi shtab-kvartirasiga tashrif buyurishdi.

Huawei kompaniyasi AKT texnologiyalari, jumladan, 5G va 5.5G, Sunʼiy intellekt, bulutli hisoblash, energiya tejamkor texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyotning turli tarmoqlari uchun raqamli yechimlar sohasidagi innovatsiyalar va tendensiyalarni taqdim etdi. O‘zbekiston delegatsiyasiga Xitoyda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan raqamli loyihalar, jumladan, ta’lim muassasalari va ularning kampuslari, ijtimoiy va transport obyektlari, alohida tuman va shaharlarni raqamlashtirish bo‘yicha loyihalar tajribasi haqida so‘zlab berildi.

Huawei vakillari kompaniyaning AKT sohasidagi yutuqlari, dasturchilar va ularning imkoniyatlarini kengaytiruvchi yangi innovatsion yechimlar, yangi raqamli va turistik ekotizimlari haqida so‘zlab berishdi hamda Huaweiʼning 5G tarmogʻidan bir qator xorijiy yoʻnalishlarda foydalanish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni namoyish etishdi. Tashrif davomida mehmonlar kompaniyaning keyingi avlod – 5.5G  tarmogini ishga tushirish bo‘yicha rejalari bilan tanishdilar.

Mehmonlar Huawei ilmiy-texnik ko‘rgazmasiga ham tashrif buyurishdi. Korgazmada 5G texnologiyalari, yangi avlod aloqa qurilmalari, uzoq nuqta va kam axoli yashaydigan xududlar uchun kichik texnik korik talab etadigan mobil stansiyalar, 5G yordamida ko‘rsatiladigan murakkab telemedesina va axoli va biznes uchun 6E WiFi negizidagi yangi qurilmalar namoyish etildi.

Kunning ikkinchi yarmida “HUAWEI kompaniyasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo boyicha direktori I Syan bilan uchrashuv bolib o‘tdi.

Ushbu uchrashuvda tomonlar ikki taraflama manfaatli loyixalar sonini yanada oshirish bo‘yicha muxokamalar otkazdilar. Xususan talim va xizmatlar eksporti boyicha kelishuvlar rejasi jadal olib borilayotgani ta’kidlandi.

2023-04-20