“O‘zbekiston-Koreya: elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot sohasidagi hamkorlik” forumi ishtirokchilari IT Park’ga tashrif buyurdi

Joriy yilning 26 noyabr kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rahbarligida Ichki ishlar va xavfsizlik vazirligi, Koreya Respublikasi Axborot jamiyati milliy agentligi (NIA) hamkorligida IT Park ishtirokida , “O‘zbekiston-Koreya: elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishdagi hamkorlik” forumi boʻlib oʻtdi.

Forum Oʻzbekiston va Koreya ekspertlari oʻrtasida raqamli hukumat sohasida tajriba va bilim almashish, shuningdek, ushbu yoʻnalishdagi loyihalarni amalga oshirishdagi hamkorlik natijalari bilan tanishish maqsadida oʻtkazildi.

Tadbirning asosiy ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov, IT Park direktori Farhod Ibragimov, elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot bo‘yicha O‘zbekiston-Koreya ekspert guruhi rahbari Ko Taek-Jin, Chungbuk Milliy universiteti Informatika kafedrasi mudiri Nasridinov Aziz va boshqalar boʻlishdi.

Forum davomida sunʼiy intellektni rivojlantirish, BMT reytingida Oʻzbekiston Respublikasining elektron hukumati mavqeini oshirish, IT Markazlarning samarali faoliyat yuritishi va kelgusidagi chora-tadbirlarning yaxlit strategik rejasini yaratish masalalari koʻtarildi.  Jumladan, Koreya Respublikasidan tashrif buyurgan ekspertlar guruhi mazkur yo‘nalishdagi hamkorlik bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot qildi.

Forum yakuniga yetgach, ekspertlar guruhi rahbari Li Jin Xun, Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi birinchi kotibi Xo In Su, katta maslahatchilar An Xi Chul va Li Jong Kyung kabi shuningdek, O‘zbekiston-Koreya elektron hukumat loyihasi rahbari Ko Taek-Jin IT Parkʼga tashrif buyurib, tashkilot faoliyati va amalga oshirilayotgan innovatsion loyihalar bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif paytida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyati, malakali mutaxassislar tayyorlash zarurligi ta’kidlanib, O‘zbekistonda o‘z vakolatxonalarini ochish uchun Koreya IT kompaniyalarini jalb etish imkoniyatlari muhokama qilindi.  Koreya korxonalarining O‘zbekiston bozoriga kirishi iqtidorli yoshlarni qo‘shimcha ish bilan ta’minlash imkonini beradi.

Muzokaralar yakunida Koreya delegatsiyasi vakillari uchun IT Park majmuasi qurilish maydonchalari bo‘ylab sayohat tashkil etildi.

2021-11-27