IT Park vakillari 23–26-fevral kunlari Dohada bo‘lib o‘tadigan “Web Summit Qatar 2025”ga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha trening o‘tkazdilar. Tadbir startaplarga kelgusi sammit haqida batafsil ma’lumot berish va tayyorgarlikning asosiy jihatlarini muhokama qilish maqsadida tashkil etildi.
Bu nima uchun muhim?
“Web Summit Qatar 2025” Doha ko‘rgazma markazida (DECC) minglab xalqaro tadbirkorlar, investorlar va yetakchilarni bir joyga to‘plab, texnologiya olamini birlashtiradi.
“Web Summit” 2009-yilda Dublinda Paddi Kosgrev tomonidan asos solingan. 2009-yil oktyabrida sammit 150 kishilik texnologiya konferensiyasi sifatida o‘z ishini boshlagan. O‘shandan buyon “Web Summit” butun dunyodan bir milliondan ortiq biznesmenlarni jamladi. Yil davomida “Web Summit” dunyo bo‘ylab tadbirlar o‘tkazadi, jumladan, Janubiy Amerikada “Web Summit Rio”, Yaqin Sharqda “Web Summit Qatar”, Shimoliy Amerikada “Collision” va “Web Summit Vancouver”, shuningdek, Osiyoda “RISE”.
Startap ekotizimini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish hamda investitsiyalarni jalb qilish maqsadida IT Park xorijda biznesni kengaytirish uchun amaliy vositalar va tavsiyalardan iborat chek-list ishlab chiqdi. Chek-listning maqsadi samarali natijalarga erishish uchun vazifalarni tizimlashtirish va harakatlarni rejalashtirish hisoblanadi.
Treningda “Coozin”, “Tuzuk”, “Karmon AI”, “LaMenu”, “TPM” va “Emplbee” startaplari ishtirok etdi. Ular “Web Summit Qatar”da samarali ishtirok etish, jumladan, MENA mintaqasida aloqalar o‘rnatish va investitsiyalarni jalb qilish strategiyalari bo‘yicha qimmatli tavsiyalar oldilar.
IT Park bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov tadbirga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligini ta’kidlab, ishtirokchilarga sammitda maksimal natijalarga erishish uchun zarur bo‘lgan harakatlar ro‘yxatini taqdim etdi.
Trening davomida ishtirokchilar nafaqat chek-listlarni o‘z kompaniyalarining individual ehtiyojlariga moslashtirdilar, balki brendni strategik rivojlantirish, marketing jarayonlarini optimallashtirish va xalqaro maydonda o‘z loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar oldilar. Ushbu vositalar kompaniyalarga global bozorda mustahkam o‘rin egallashga, hamkorlar va investorlarning e’tiborini jalb qilishga, shuningdek, o‘z mahsulotlari va xizmatlarini samarali taqdim etishga yordam beradi.
Ishtirokchilar treningning foydaliligini ta’kidlab, olingan bilimlar ularga o‘z loyihalarini “Web Summit Qatar 2025”da muvaffaqiyatli taqdim etishga, startaplarini rivojlantirishga va xalqaro bozordagi mavqelarini mustahkamlashga yordam berishiga ishonch bildirdilar.
IT Park o‘z rezidentlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda, ularning o‘sishi va raqobatbardoshligini oshirishi uchun sharoitlar yaratmoqda. IT Park mutaxassislari startaplarga asosiy ko‘nikmalarni rivojlantirish, yangi bozorlarga chiqish va ulkan maqsadlarga erishish uchun ilg‘or yondashuvlarni joriy etishda ko‘maklashmoqda.
2025-02-13