Poytaxtda O‘zbekiston-Tojikiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda 200 dan ortiq ikki mamlakat rasmiy va ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdi.
Forumni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va Tojikiston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Davlatali Said ochib berdi.
Ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari iqtisodiy sherikchilikni kengaytirish uchun ulkan salohiyat mavjudligini qayd etgan holda O‘zbekiston va Tojikiston ishbilarmon doiralari vakillarini faol va samarali hamkorlikka da’vat etdilar.
Tadbir davomida tomonlar yaqin kelajakda “Oybek” va “Fotehobod” o‘tkazish punktlari hududida “O‘zbekiston-Tojikiston” chegara savdo-sanoat zonasini tashkil etish rejalashtirilayotganini, bu esa ikki davlat o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish imkonini berishini ma’lum qildi. Bundan tashqari, tomonlar transport, logistika va hududlararo hamkorlik yo‘nalishlaridagi qo‘shma loyiha va tashabbuslar haqida so‘z yuritdilar.
Forum doirasida IT Park hamda Tojikiston biznes inkubatori o‘rtasida Memorandum imzolandi.
Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari quyidagilar:
• Tojikiston va O‘zbekiston yoshlarini xalqaro ta’lim tadbirlariga jalb etishda tomonlarning faol ishtiroki;
• xalqaro ilmiy, ta’lim, innovatsion va amaliy loyihalarni birgalikda amalga oshirish;
• iqtidorli yoshlarni aniqlash bo‘yicha hamkorlikda tadbirlar o‘tkazish;
• talabalar, startaplar va investorlar uchun turli ta’lim dasturlari bo‘yicha axborot va tajriba almashish;
• innovatsion ekotizimni rivojlantirish bo‘yicha konferensiyalar, seminar va uchrashuvlar o‘tkazish.
2022-06-02