Oʻzbekistonda birinchi marotaba dasturiy ilovalarni ishlab chiqish boʻyicha mukofot jamgʻarmasi 100 000 AQSh dollarini tashkil etadigan respublika tanlovi boʻlib oʻtadi!

Bugungi kunda Oʻzbekistonda IT sohasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda, yoshlar orasida AKT sohasiga qiziqish va intilishni rivojlantirishni esa Oʻrta Osiyoning texnologik markaziga aylanishdek maqsadga erishish uchun eng muhim va asosiy qadam deb hisoblash mumkin. Bu qiziqishni kuchaytiradigan narsa, agar yosh dasturchilar uchun katta mukofot jamgʻarmasiga ega boʻlgan keng miqyosli tanlov boʻlmasa, boshqa nima ham boʻla olardi? Shu sababli, IT-Park, O'zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi koʻmagida Birlashgan Arab Amirliklari bilan birgalikda talabalar orasida Oʻzbekistonda davlat mobil ilovalarini ishlab chiqish boʻyicha birinchi “mGovAward” respublika tanlovi oʻtkazilishini eʼlon qiladi.

Talabalar 5 yoʻnalishda oʻzlarini sinab koʻrishlari mumkin:

  1. Taʼlim;
  2. Sogʻliqni saqlash;
  3. Turizm;
  4. Transport va logistika;
  5. Biznes va G2B.

Tanlovning asosiy mezonlari quyidagilar boʻladi: boʻlgʻusi ilovaning samaradorligi, uning innovatsionligi va foydalanishda oddiyligi. Tanlovga arizalarni qabul qilish 26-sentabr kuni AKT haftaligi vaqtida boshlanadi!

“mGovAward” tanlovida ishtirokchilar Oʻzbekistondagi mavjud muammolardan birini hal qilishga yordam beradigan mobil ilova yaratishlari kerak boʻladi. Tanlovning mukofot jamgʻarmasi $100,000, shundan $50,000 birinchi oʻringa, $30,000 ikkinchi oʻringa va $20,000 uchinchi oʻringa beriladi. Shuningdek, gʻoliblar Birlashgan Arab Amirliklariga bepul sayohat va IT-Park inkubatsiya dasturida bevosita qatnashish huquqini qoʻlga kiritadilar!

2019 yil 26 sentyabrda "O'zekspomarkaz" MKK AJda bo'lib o'tadigan "mGovAward" konferentsiyasida har kim tanlov haqida to'liq ma'lumotga ega bo'lishi mumkin! Anketani to'ldiring va birinchilardan bo'lib tanlov to'g'risidagi to'liq ma'lumotni oling!

2019-09-21