Oʻzbekistondagi keng koʻlamli “Uzbekistan Esport Championship” kiberturniri!

Kibersport tobora koʻproq tarafdorlarni ortib bormoqda. Video o‘yinlar musobaqalari ko‘plab mamlakatlarda ommalashib bormoqda va yosh yo‘nalishning rivojlanishiga texnologik taraqqiyot, internet sifati va yoshlarning o‘yinlarga bo‘lgan qiziqishi kabi qator omillar yordam bermoqda.

O‘zbekistonda kompyuter sporti alohida yoʻnalishga aylanganiga koʻp vaqt o‘tmadi: atigi 5 oy oldin Prezident Shavkat Mirziyoyev kibersportni mustaqil sport turi sifatida tan olish va uni rivojlantirish choralarini ko‘rishga qaror qabul qildi. Davlatimiz rahbari milliy hamda xalqaro turnir va chempionatlar oʻtkazilishini belgilab berdi. Hujjatda, shuningdek, 2023-yildan boshlab O‘zbekistonda har yili uchta kibersport musobaqasi: Uzbekistan Esports Championship;  “Yoshlar kubogi” turniri va “Vazirlar Mahkamasi kubogi” turniri o‘tkazilishi belgilandi.

Belgilangan vazifalarning amaliy isboti sifatida 7-may kuni 332 million so‘m mukofot jamg‘armasi bo‘lgan “Uzbekistan Esports Championship”ning grand finali bo‘lib o‘tdi.

Turnir Raqamli texnologiyalar vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, IT Park direksiyasi, O‘zbekiston kibersport assotsiatsiyasi va Kibersport federatsiyasi ko‘magida tashkil etildi.

Turnirning maqsadi – kibersprortchilarning kibersport sohasida ko‘nikmalarga ega boʻlish va takomillashtirishga bo‘lgan motivatsiyasini oshirish, shuningdek, ushbu yo‘nalishni keng ommalashtirish va sportchilarni yagona tizimga birlashtirishdan iborat.

Tadbirda Yoshlar ishlari agentligi direktori va O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi Alisher Sa’dullayev so‘zga chiqib, O‘zbekistonda kibersportning o‘rni kengayib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

“Hatto respublikamizning chekka hududlarida ham kibersportning barcha turlari bo‘yicha jamoalar tuzib, doimiy va faol o‘ynab kelayotganlar bor. Siz orqali yoshlarimiz salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish va shu orqali xalqaro maydonda mamlakatimiz sharafini himoya qila boshlaganimizdan xursandmiz”.

Turnir davomida 1500 dan ziyod kuzatuvchi bor edi, ular oʻz yoʻnalishlarida yuqori reytingga ega boʻlgan stimmerlar va kibersportchilardan avtograf olish imkoniga ega boʻldilar.

Musobaqada viloyatlardan CS: GO, DOTA2, PUBG Mobile yo‘nalishlari bo‘yicha 20 ta jamoa hamda FIFA, eFootball yo‘nalishlari bo‘yicha 16 nafar sportchi qatnashdi.

Turnir Cybergame.uz platformasida CS: GO, DOTA2, PUBG Mobile, FIFA, eFootball kabi kibersport yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazildi.

Turnir yakunlari boʻyicha PUBG Mobile o‘yinida quyidagi viloyatlar jamoalari g‘olib bo‘lishdi:

  • 1-o‘rin – “Best Kokand”, Farg‘ona viloyati;
  • 2-o‘rin – “OKTA Navoi Gaming”, Navoiy viloyati;
  • 3-o‘rin – “Jizzax Team”, Jizzax viloyati.

FIFA yoʻnalishi boʻyicha gʻoliblar:

  • 1-o‘rin – Daler Mamatkulov, Samarqand viloyati;
  • 2-o‘rin – Azimbek Ayubjanov, Toshkent shahri;
  • 3-o‘rin – Salamat Bazarbayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi.

CS:GO gʻoliblari quyidagi viloyatlar jamoalari boʻldi:

  • 1-o‘rin – Toshkent shahri (Timur Abdullin, Zokir Shermatov, Server Kerimov, Muhammadaziz Maxamadjonov, Maksim Trofimov);
  • 2-o‘rin – Xorazm viloyati (Muhammad-Nodirxon Saidov, David Abeslamidze, Aziz Yuldashev, Alisher Jumaniyezov, Ikram Otabayev);
  • 3-o‘rin – Qoraqalpog‘iston Respublikasi (Navruzbek Amanchayev, Mirahmet Asilbekov, Muxammed-Kadir Perdebayev, Isa Burkitbayev, Yerbol Kuanbayev).

Va nihoyat, Dota2 oʻyinida quyidagi jamoalar gʻalaba qozondi:

  • 1-o‘rin – Toshkent (Aleksey Li, Alan Axmedshin, Saveliy Xashenko, Sulton Fayzullayev, Sardor Olimov);
  • 2-o‘rin – Buxoro viloyati (Faxriddin Bobomurotov, Alibek Nusratilloyev, Davlat Madaminov, Firdavs Jurayev, Rustam Rahmanov);
  • 3-o‘rin – Qashqadaryo viloyati (Dilxush Tursunov, Javohir Murodov, Azizbek Lutfullayev, Shahboz Fayziyev, Mirjaxon Bozorov).

G‘oliblarga Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov tomonidan sertifikat va esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, har bir yo‘nalish bo‘yicha finalchilar guruhi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga imtihonsiz kirish imkoniyatiga ega boʻldilar.

2023-05-08