OCTO va “Innotech” Guruhi biznes jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirmoqda

26-oktabr kuni “ICTWEEK Uzbekistan 2022” Haftaligi doirasida IT Park rezidenti OCTO IT kompaniyasi “Innotech” Guruhi bilan strategik hamkorlik shartnomasini imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, hamkor kompaniyalar O‘zbekistonda texnologiyalar, innovatsiyalar, biznes jarayonlarini avtomatlashtirish va tijorat faoliyati sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bilan shug‘ullanadi.  

Muloqot ishtirokchilari taʼkidlaganidek, Oʻzbekiston iqtisodiyoti hozirda faol rivojlanish bosqichida, mintaqada IT yoʻnalishi esa iqtisodiyot drayverlaridan biri hisoblanadi.  Mahalliy bozorning jozibadorligi oʻsib bormoqda, jumladan, eksport imkoniyatlariga yo‘naltirilgan xalqaro IT-oʻyinchilar uchun.

Uchrashuv davomida “Innotech” Guruhi bosh direktori Dmitriy Xaritonov O‘zbekiston – kompaniya uchun muhim bozor ekanligini ta’kidladi.

“Biz O‘zbekistonda hamkorlik aloqalarini faol rivojlantirmoqdamiz hamda mintaqadagi kompaniyalar va davlat sektori bilan hamkorlikni kengaytirishga intilamiz.  O‘zbekiston biz uchun strategik ahamiyatga ega bozor: IT va yuqori texnologiyalar sohasida ham davlat, ham biznes, ham yakuniy foydalanuvchilar talablariga javob beradigan keng koʻlamli loyihalarni ishga tushirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Hozirda mintaqada innovatsiyalarni rivojlantiruvchi loyihalar birinchi oʻringa chiqmoqda va umid qilamizki, OCTO bilan birgalikda mahalliy (lokal) bozorni texnologik rivojlantirish yo‘lida katta qadam tashlaymiz”. 

O‘z navbatida, OCTO bosh direktori Aleksey Maksimov ham ushbu hamkorlikning muhimligini ta’kidladi.

“Kompaniyamiz butun O‘zbekiston bo‘ylab va undan tashqarida millionlab odamlarning kundalik hayotini yaxshilashga intilib, ularga zamonaviy yuqori texnologiyali mahsulotlardan foydalanish imkoniyatini beradi. OCTO uchun “Innotech” Guruhi bilan hamkorlik strategik ahamiyatga ega.  Ishonchim komilki, qo‘shma loyihalarimiz O‘zbekiston IT bozorida innovatsiyalarni rivojlantirishga hissa qoʻshadi”, — dedi u.

Eslatib oʻtamiz, OCTO IT kompaniyasi 2018-yilda Toshkentda tashkil etilgan. Kompaniya Oʻzbekiston Respublikasi hududida ham, undan tashqarida ham moliya sektorini (banklar, toʻlov tashkilotlari, elektron pul operatorlari) rivojlantirish uchun dasturiy taʼminotni yaratish sohasida ishlaydi. 2018-yildan buyon OCTO 10 ta dasturiy mahsulotni yaratdi, ulardan 8 tasi O‘zbekistonda muvaffaqiyatli joriy etildi va ekspluatatsiya qilinmoqda.

“Innotech” Guruhi (T1 Guruhiga kiradi) 2020-yilda tashkil etilgan.  Kompaniya biznesni raqamlashtirish uchun innovatsion yechimlarni ishlab chiqadi va moliya sektorining yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatadi, ularga front- va back-ofislar, zamonaviy fintech mahsulotlari va katta ma’lumotlar tizimlari uchun kompleks yechimlarni taklif qiladi. 

2022-11-04