Xalqaro akselerator “Plug and Play”, IT Park Uzbekistanʼning “President Tech Award” tanlovidagi hamkori, saralash bosqichi yakunlari boʻyicha jamoalarning shikoyatlarini koʻrib chiqish jarayonini tugatdi.
Eslatib oʻtamiz, onlayn baholash natijalari eʼlon qilingandan soʻng, ishtirokchilarga shikoyat qilish imkoniyati berilgan edi va 32 ta jamoa bu imkoniyatdan foydalandi.
Shikoyat komissiyasi barcha 32 ta murojaatni sinchkovlik bilan oʻrganib, jamoalar vakillarini tinglab, taqdim etilgan materiallarni koʻrib chiqdi. Majlis yakunida quyidagi jamoalarning shikoyatlarini qanoatlantirishga qaror qilindi: “Examy”, “Mehr Go”, “Silk Road Games” va “Dermato”. Ushbu jamoalar “President Tech Award” tanlovining keyingi bosqichida ishtirokini davom ettiradilar. “DemoDay” ishtirokchilarining toʻliq roʻyxati bilan havola orqali tanishish mumkin.
Shikoyat qilgan boshqa jamoalar “Plug and Play” mutaxassislaridan shaxsiy fikr-mulohazalar, shuningdek, kelajakdagi tanlovlarga tayyorgarlikni yaxshilash boʻyicha qimmatli tavsiyalar olishdi.
Ushbu hodisa tanlov tashkilotchilarining muloqotga ochiqligini va boshlangʻich startaplarni oʻz gʻoyalarini amalga oshirish va muvaffaqiyatga erishish yoʻlida qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini koʻrsatadi.
“President Tech Award” — bu Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan, mukofot jamgʻarmasi 1,000,000 AQSH dollarini tashkil etuvchi tanlov boʻlib, u Oʻzbekistonning eng iqtidorli va ijodkor dasturiy taʼminot ishlab chiquvchilarini birlashtiradi, ularga oʻz startaplarini tashkil etish va davlatdan moliyaviy yordam olish imkonini beradi.
Ushbu yirik tanlovning bosqichlaridan biri sovrin jamgʻarmasi 100,000 AQSH dollari boʻlgan xakaton edi, u 22-sentyabr kuni yakunlandi. Xakaton gʻoliblari bilan havola orqali tanishish mumkin.
2024-11-14