25-oktabr kuni Central Asian Expo (CAEx) koʻrgazmalar markazida ICTWEEK UZBEKISTAN 2023 axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
“ICTWEEK UZBEKISTAN” axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishni yanada ragʻbatlantirish, yutuqlar, imkoniyat va afzalliklarni namoyish etish, shuningdek, AKT sohasidagi amaliy natijalar va rivojlanish tendensiyalarini muhokama qilish maqsadida tashkil etilgan.
Tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri oʻrinbosari Rustam Karimjonov, IT Park rezident kompaniyalari vakillari, xorijlik mehmonlar va ekspertlar, xorijiy OAV va boshqalar ishtirok etdi.
Ochilish marosimi Oʻzbekistonning xorijiy investorlar uchun IT-yoʻnalish sifatidagi afzalliklari haqida soʻzlab bergan Rustam Karimjonovning nutqi bilan boshlandi.
Xususan, u oʻz taqdimotida malakali mutaxassislarning boy zaxirasini taʼkidladi: 36 millionlik mamlakat aholisining qariyb uchdan ikki qismini 30 yoshgacha boʻlgan, savodxonligi va chet tillarini bilish darajasi yuqori boʻlgan yoshlar tashkil etadi.
Shuningdek, u Oʻzbekiston IT sohasi oldiga qoʻyilgan asosiy vazifa — mamlakatni mintaqaviy IT-xabga aylantirish va IT-xizmatlar eksportini yiliga $5 milliardga yetkazish haqida gapirdi.
Keyinchalik “Huawei Digital Power” kompaniyasining Yevroosiyo mintaqasidagi bosh direktori Syuy Xay IT-taʼlim sohasida amalga oshirilgan ishlar va kompaniyaning Oʻzbekistondagi kelgusi rejalari haqida gapirib berdi.
Huawei kompaniyasining “Cloud Core” marketing boʻlimi prezidenti Orfeus Lui “Embracing the Future Network. Strading towards the Intelligent World” mavzusida nutq soʻzladi.
Shundan soʻng, soʻz EMEA mintaqasidagi “Plug and Play” kompaniyasi menejeri Sina Amidiga berildi va u zamonaviy dunyoda startap ekotizimini yaratish muhimligini taʼkidlab, Oʻzbekistonda ushbu soha rivojiga katta ishonch bildirdi.
Tadbirda “Aloqabank” boshqaruvi raisi oʻrinbosari Farrux Mahkamov Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda “ATTO” kompaniyasi bilan hamkorlikda talabalar uchun yaratilgan maxsus kartalar haqida gapirib berdi.
Eslatib oʻtamiz, ICTWEEK 2004-yildan buyon har yili oʻtkazib kelinmoqda va Oʻzbekiston AKT sohasida eng yirik tadbir hisoblanadi. Joriy yili ICTWEEK doirasida “Uzbekistan Outsourcing Forum”, “Empowering Women in IT: Leading the Digital Revolution” sammiti, “IT Education Forum”, “ICT EXPO-2023” kabi tadbirlar, shuningdek, “ICT EXPO” doirasidagi mehnat va taʼlim yarmarkasi, “Sunʼiy intellekt kelajagi va global integratsiya” forumi va boshqalar oʻtkaziladi.
Tafsilotlar: https://www.ictweek.uz/uz
2023-10-25