Prezidentning maslahatchisi Ravshan Gʻulomovning IT-Parkga tashrifi

2020-yil 22-fevralda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari boʻyicha maslahatchisi Ravshan Ayubovich Gʻulomov va Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish boʻyicha vazirining birinchi oʻrinbosari Olimjon Muhamadjonovich Umarov IT-Parkga tashrif buyurishdi.

Uchrashuvda IT-Park faoliyatining istiqbollari, samarali tashkiliy natijalarga erishishdagi muammoli masalalar, shuningdek ularni hal etish boʻyicha takliflar muhokama qilindi.

Xususan, IT-Parkda bugungi kunda faqat OKED boʻyicha IT-softver kompaniyalari oʻtishi mumkin boʻlgan rezidentlik yoʻnalishlari belgilandi. Kompleks yechimlarni eksportini amalga oshiruvchi kompaniyalar boʻyicha qoʻshimchalar kiritish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida IT-kompaniyalarni koʻpaytirish va kuchaytirish maqsadida biznes-rejalar asosida rezidentlarni qabul qilish taklif etildi.

Muzokaralardagi muhim mavzulardan yana biri IT-Parkning inkubatsiyasi va akseleratsiya dasturlari boʻldi. Bu dasturlarda yangi ish boshlayotgan tadbirkorlar nafaqat kerakli bilimlarni olishlari, prototiplarini yaratishlari va ularni bozorga olib chiqishlari, balki oʻz mahsulotlarini rivojlantirish va koʻlamini kengaytirish uchun grantlarni jalb qilishda davlat tanlovlarida qatnashishlari mumkin. Davlat organlari bilan hamkorlikda davlat maʼlumotlarini raqamlashtirish va aholiga zarur raqamli qulayliklarni yaratish boʻyicha muassasalarning oʻz xizmatlarini yaxshilash maqsadida musobaqalar va hakatonlar sonini koʻpaytirish taklif qilindi.

IT-Parkning kelgusidagi rejalari haqida ham aytib oʻtildi. Maʼlumki, IT-Park qoshidagi IT-Akademiya “One million Uzbek Coders” loyihasining asosiy ijrochisi boʻlib, uning yordamida allaqachon 10 mingdan ortiq foydalanuvchilar axborot texnologiyalari sohasidagi asosiy koʻnikmalarga ega boʻldilar. Onlayn platformaning eng yaxshi bitiruvchilari Oʻzbekistonning yetakchi IT-kompaniyalarida bepul amaliyotdan oʻtishlari va keyinchalik ishga joylashishlarini taʼminlashda asos boʻlib xizmat qiladigan konsepsiya ishlab chiqilmoqda.

Tashrif yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining axborot texnologiyalari sohasini jadal va har tomonlama rivojlantirish uchun kelgusida amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olindi, unga koʻra har oyda IT-Park Direksiyasi, shuningdek, tashkilot rezidentlari bilan uchrashuvlar oʻtkaziladi.

2020-02-25