Qashqadaryo viloyati OTMlaridagi inkubatsion markazlar: ochilishga tayyorgarlik!

Qashqadaryo viloyatining 6 ta oliy taʼlim muassasasida innovatsion loyihalarini targʻib qilish hamda ularni rivojlantirish istagida boʻlgan talabalar uchun inkubatsion markazlar ochilishi rejalashtirilgan.

Oliy oʻquv yurtlari qoshida inkubatsion markazlarini ochishdan asosiy maqsad — bu iqtidorli yoshlar orasida yaratilayotgan innovatsion markazlar soni va sifatini oshirishdir. Oʻz navbatida, inkubatsion markaz asl ilmiy-texnik gʻoyalarni amalga tatbiq etish, kichik innovatsion loyihalar boʻyicha faoliyatini samarali yuritishi uchun talabalarga zarur shart-sharoitlar yaratadi. 

Aynan shu maqsad bilan, joriy yilning 17-dekabr kuni IT Park vakillari inkubatsion markazlar ochilishi rejalashtirilayotgan OTMlarning rektorlari bilan shaxsan uchrashish maqsadida Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurishdi:

1) Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filiali
2) Qarshi muhandislikiktisodiyot instituti
3) Qarshi davlat universiteti
4) Toshkent irrigasiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalash muhandislari instituti Qarshi filiali
5) Toshkent davlat pedagogika universiteti Shahrisabz filiali
6) Toshkent kimyo-texnologiya instituti Shahrisabz filiali


Safar davomida IT Park vakillari Abdulaxad Qoʻchqorov va Jahongir Rajabov har bir universitetning rektorlari bilan suhbat olib borishdi, shuningdek, inkubatsiya markazlarini tayyorlash, ishga tushirish hamda ulardan foydalanish boʻyicha tavsiyalar berishdi.


Yana shuni taʼkidlash lozimki, inkubatsion markazlarning uzoq muddatli maqsadlari va vazifalari quyidagilardan iborat:
- mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish;
- Oʻzbekistonda yuqori innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish;
- innovatsion yoʻnalishdagi kichik biznesni rivojlantirish, talabalarga loyihalar boʻyicha faoliyat yuritishi uchun qulay shart-sharoitlarni taʼminlash;
- talabalar va tajribali mutaxassislar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatni yoʻlga qoʻyish;
- yangi ish oʻrinlari yaratish.
Inkubatsion markaz talabalarga innovatsion dasturlashni gʻoyadan to ishlab chiqarish va ilk muvaffaqiyatli sotishgacha boʻlgan jarayonni tijoriylashtirishga moʻljallangan.

Olygohingizdagi yangiliklarni kuzatib boring! 
Oʻz startaplaringizni rivojlantiring!

2020-12-23