Joriy yilning 27-28-mart kunlari Qashqadaryo viloyatida IT Park tomonidan Qashqadaryo viloyati hokimligi hamda Qashqadaryo viloyatining barcha OTMlari ko‘magida tashkil etilgan “Hack4Region” xakatoni bo‘lib o‘tdi.
«Hack4Region» — bu xakaton bo‘lib, uning doirasida ishtirokchilarga jamiyatimizning muayyan muammosini hal qiladigan mahsulot ishlab chiqish uchun 2 kun ajratildi. Maxsus taklif qilingan ekspertlar va mentorlar 2 kun davomida ishtirokchilarga loyiha prototipini samarali va tez amalga oshirish usullarini ko‘rsatish orqali yordam berishdi.
Statistikaga ko‘ra, xakatonda ishtirok etish uchun jami 167 ta ariza kelib tushgan.
Ta’kidlash joizki, tanlovning eng yosh ishtirokchisi Qarshi shahridan kelgan 12 yoshli Oripov Turabek hisoblanadi. U “oziq-ovqat va mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha kuryerlik xizmati” loyihasi ustida ish olib bordi. Xakaton yakunida, yosh dasturchiga IT Markazda Backend yo‘nalishi bo‘yicha bepul kursda o‘qish uchun sertifikat taqdim etildi.
Xakaton natijalariga ko‘ra, quyidagi jamoalar tanlov g‘oliblariga aylanishdi :
1-o‘rin: “Bek-shoh” jamoasi (Yer uchastkalarning maydonini analitik usulda hisoblash dasturi)
Sovrin: Redmi 9.
2-o‘rin: “E-government” jamoasi (bronlashtirish xizmati)
Sovrin: Mi Smart Band 4; BlackBeat 500.
3-o‘rin: “Onlinedocuz” jamoasi (tibbiy xizmatlarning onlayn ma'lumotlar bazasi)
Sovrin: Mi Smart Band 5; Redmi Air Dots; Mi Bluetooth Speaker Basic 2.
Ushbu xakaton natijasida ishtirokchilar o‘z mahsulotlarining prototiplarini amalga oshirish, kuchli va zaif tomonlarini aniqlash hamda netvorkinglarini kengaytirishga muvaffaq bo‘lishdi. Bu kabi xakatonlar O‘zbekiston startap ekotizimini qo‘llab-quvvatlashga va uni yangi g‘oyalar, odamlar va jamoalar bilan to‘ldirishga imkon yaratadi.
2021-03-29