Samarqanddagi “Hack4Region 2022” musobaqasi g‘oliblari e’lon qilindi

Samarqandda IT Park tomonidan YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori bilan birgalikda tashkil etilgan “Hack4Region 2022” hakatoni yakunlandi.

Hackathon - jamoalar ma'lum vaqt oralig'ida mahsulot prototipini yoki startap loyihasini yaratishi kerak boʻlgan musobaqa.

Tanlov 21-23-dekabr kunlari IT-Park Samarqand filialida bo‘lib o‘tdi. Xakatonda jami 90 ga yaqin ishtirokchi ro‘yxatga olingan bo‘lib, ulardan 28 ta jamoa tuzilgan.

Hakamlar hay'atining baholash natijalariga ko'ra quyidagi jamoalar g'olib deb topildi:

• 1-o‘rin: “Aqilli hassa” loyihasi (ko‘zi ojizlarga yordamchi hisoblanadi. Yo‘llarda to‘siqlar borligi haqida o‘z egasiga xabar beradi);

• 2-o‘rin: “Boshpana uz” loyihasi (uy topish yoki ijaraga berish haqidagi e’lonlarni joylashtirish mumkin bo‘lgan platforma);

• 3-o‘rin: “SearchOptimizer” loyihasi (o‘zbek tilida qo‘shimcha ma’lumot topishga yordam beradi va foydalanuvchini kerakli ma’lumotlar bilan ta’minlaydi).

G‘oliblarga tashkilotchilar tomonidan texnika jihozlari koʻrinishida qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Tadbir YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori tomonidan qo‘llab-quvvatlangan inkubatsiya dasturi doirasida o‘tkazildi.

 

2022-12-24