2019-yil 25-sentyabr kuni “Digital Uzbekistan” forumi doirasida IT-Park direktori Farhod Ibragimov IT-Park qoshida IT-akademiyasining ochilishi haqida, shuningdek, barcha IT-markazlarga taqdim etilishi mumkin boʼlgan imtiyozlari haqida eʼlon qildi.
Xususan, oʼz nutqini oʼquv boʼlimiga qaratgan holda, Farhod Ibragimov shu yil oktyabr oyida IT-Parkda IT-akademiyasining birinchi kursi ochilishini, unda barcha xohlovchilar dasturlash boʼyicha bilim olishlari mumkinligini aytdi.
IT-akademiyasining asosiy maqsadi ish beruvchilarning talablariga javob beradigan sifatli taʼlimni taqdim etish, malakali mutaxassislar va oʼqituvchilarni yetishtirib chiqarishdir. IT-akademiyasi IT mutaxassislari uchun taʼlim dasturlarini, texnologik platformani va netvorkingni birlashtirgan ekotizimni yaratmoqda.
Har yili IT-akademiyasi dasturiy taʼminotni ishlab chiqish, dasturiy taʼminotni sinovdan oʼtkazish, web-dizayn, biznesni tahlil qilish sohalarida kamida 1500 ta mutaxassis yetishtirib chiqarishni rejalashtirmoqda. Turli xil murakkablik darajasidagi oʼquv kurslari ham oʻzbek tilida oʻtkaziladi.
“Biz Oʻzbekistonni inson kapitali yetarli boʼlgan maydon sifatida belgilaymiz. Bizning Respublikamizda iqtidorli yoshlar juda koʻp, ammo ularning hammasida ham bilim olish imkoniyati mavjud emas. Biz IT xizmatlarini eksport qilish bilan shugʼullanmoqchimiz, shuning uchun biz nafaqat katta miqdordagi inson kapitaliga, balki sifatli inson resurslariga ega boʼlishimiz kerak. IT-mutaxassislariga talab har yili ortib borayotganligini hisobga olib, bitiruvchilar soni koʼpaymoqda, ammo bu yetarli emas. Agar biz chet ellik taniqli kompaniyalar bizda oʻz vakolatxonalarini ochishini va IT mahsulotlarini eksportga chiqarishini istasak, biz xususiy sektorni jalb qilish yoʼli bilan, Oʼzbekiston Respublikasining IT-mahsulotlari bozoriga chiqarilayotgan IT-mutaxassislarning soni va sifatini oshirishimiz kerak ”, - dedi IT-Park direktori.
Farhod Zairovich bir necha bor taʼkidlaganidek, 2019-yil 15-iyulda Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi 589-sonli qarori chiqqanidan soʼng, IT-Park rezidentlariga bir qator imtiyozlar va preferentsiyalar taqdim etildi. Xususan, IT-Park rezidentlari 2028-yil 1-yanvargacha barcha turdagi soliqlardan va davlat maqsadli jamgʼarmalariga majburiy ajratmalardan, shuningdek yagona ijtimoiy toʼlovlardan ozod qilingan. Ushbu qarorning muhim tomoni shundaki, IT-oʻquv markazlari IT-Park rezidenti maqomini olishlari mumkin.
2019-09-27