Tojikistonning Innovatsiyalar va raqamli texnologiyalar agentligi bilan raqamli transformatsiya sohasida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Dushanbe shahriga tashrifi doirasida Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Innovatsiyalar va raqamli texnologiyalar agentligi direktori Xurshed Mirzo bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tashrif chog‘ida Agentlik rahbari tomonidan mehmonlarga mamlakatda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, davlat xizmatlarini elektron formatga o‘tkazish, ma’lumotlar almashinuvi tizimlarini yaratish hamda axborot xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, Tojikistonda ishlab chiqilgan raqamli yechimlar, platforma va innovatsion dasturlar bo‘yicha taqdimot o‘tkazilib, ularning amaldagi natijalari namoyish etildi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida raqamlashtirish sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va ikki mamlakat raqamli ekotizimlarini uyg‘unlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Jumladan, davlat organlari axborot tizimlari o‘rtasida o‘zaro integratsiyani kuchaytirish, bojxona ma’lumotlarini raqamli formatda almashish, ma’lumotlarni tezkor va xavfsiz uzatish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

2025-10-15