2020-yil 31-yanvar kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida IT-Park bilan hamkorlikda “IT-Talk” tadbirlar toʻplami doirasida birinchi “Startups 2020” tadbiri oʻtkazildi va tashkilotchilar bu tadbirlar toʻplamini 2020-yilda IT sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish maydoniga aylantirishni maqsad qilib belgilashdi. Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilni “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb eʼlon qilishi munosabati bilan tashkil etildi.
Birinchi “IT-Talk” tadbiri startaplar taqdimotiga bagʻishlandi va unda Inha universitetida talabalarining dasturiy ishlanmalari koʻrgazmasi ham boʻlib oʻtdi. “IT-Talk”ning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari Ulugʻbek Muhammadiyev, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining oʻrinbosari Bahromjon Olmatov, shuningdek IT-Parkning innovatsiyalar boʻyicha direktori Abdulahad Qoʻchqorov soʻzga chiqdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari Ulugʻbek Muhammadiyev, taʼkidlaganidek: “Axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish bevosita bizning yoshlarimizning bilim darajasiga bogʻliq, chunki ular bizning kelajagimizdir. Biz ularning tajribali IT-mutaxassislar bilan muloqot qilishlari va ulardan bilim va tajribalarni oʻrganishlari uchun koʻproq tadbirlarni tashkil qilishga harakat qilamiz”.
Tadbir dasturi parallel ravishda oʻtkazilgan ikkita sessiyadan iborat boʻldi. Birinchisida, mahalliy tadbirkorlar va IT sohasidagi nufuzli kishilarning chiqishlari boʻlib oʻtdi. Jumladan, “Office market” va “Dekos” kompaniyalarining asoschisi va rahbari Xasan Mamasaidov, Newmax Technologies (MyTaxi, Express24 brendlari va boshqalar) kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Akmal Payziev, “One Million Uzbek Coders” loyihasi murabbiysi, IT-Park menejeri Dilmurod Nasibullaev, “SAP Uzbekistan” kompaniyasi vakili Alisher Isaev nutq soʻzladi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar oʻzlarining biznesining tashkil etilishi tarixi bilan oʻrtoqlashdilar, IT sohasidagi oʻz loyihalarining muvaffaqiyatlari va kamchiliklari haqida gapirib berdilar, shuningdek, IT-sohasidagi yangi trendlar haqida maʼlumot berdilar.
Ikkinchi sessiyada Pitch Day boʻlib oʻtdi, unda IT-Parkning inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarining ikkinchi mavsumi uchun ariza topshirgan 169 jamoa orasidan 20 tasidan koʻprogʻi oʻzlarining oʻziga xos startap loyihalarini taqdim etdilar.
Shuningdek, IT-Parkning innovatsiyalar boʻyicha direktori Abdulahad Qoʻchqorov maʼlum qilganidek: “IT-Park, baʼzi sabablarga koʻra IT-Parkga kela olmaydigan isteʼdodli odamlar uchun onlayn-inkubator tayyorlamoqda. Hozirgi kunga kelib bu onlayn-inkubator doirasida taqdim etiladigan barcha maʼlumotlar tayyor va ular oʻzbek va rus tillarida taqdim etiladi” Shu sababli, tez orada har kim, qayerda boʻlishidan qatʼi nazar, oʻz IT-mahsulotlarini yaratish uchun zarur boʻlgan bilimlarni olishlari mumkin boʻladi.
Eslatib oʻtamiz, IT-Parkning inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarining ikkinchi mavsumi uchun oʻtkaziladigan Pitch Dayʼning ikkinchi qismi 2020-yil 1-fevralda Toshkentdagi Amity Universitetida boʻlib oʻtadi. Ushbu tadbirda ishtirok etish uchun siz quyidagi havola boʻyicha roʻyxatdan oʻtishingiz kerak: https://forms.gle/NK4Y6CZp345CoDhN7
2020-01-31