Ummon elchisining IT Park’ga tashrifi: IT-hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar

IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulahad Kuchkarov Ummon Sultonligining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi — Vafo Jabr Nosir al-Busaidiy bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tashrifning maqsadi IT sohasidagi islohotlar bilan tanishish va O‘zbekiston hamda Ummon o‘rtasida axborot texnologiyalari sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdan iborat edi.

IT Park Uzbekistan vakili Sevara Hidoyatova rezidentlar soni, mavjud davlat imtiyozlari, shuningdek, “Zero Risk” dasturi kabi faoliyatning asosiy ko‘rsatkichlarini taqdim etdi.

Tashrif doirasida elchi “Uzinfocom” markazi faoliyati bilan tanishib, IT sohasini rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlarni va davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash choralarini yuqori baholadi.

IT Park bosh direktori Abdulahad Kuchkarov Fors ko‘rfazi davlatlari bilan aloqalar mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi. Xususan, IT Park Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida o‘z vakolatxonasini ochgani haqida ma’lumot berdi.

Mahalliy IT-xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha menejer Abdurahim Turg‘unov arab tilida IT Park tashabbuslarining qisqacha taqdimotini o‘tkazdi va Elchining alohida e’tiborini tortdi. U IT Park jamoasida arab tilini biladigan mutaxassislar borligi uchun samimiy minnatdorchilik bildirdi.

Uchrashuv yakunida elchi IT Park vakillarini Ummon Sultonligiga javob tashrifi bilan tashrif buyurishga taklif qildi. Yaqin kunlarda Ummon savdo, sanoat va investitsiyalarni rivojlantirish vaziri Qays Muhammad al-Yusufning O‘zbekistonga tashrifi kutilmoqda.

Ummon elchisining tashrifi AKT sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. IT Park xalqaro aloqalarni kengaytirish va raqamli iqtisodiyotni birgalikda rivojlantirish uchun yangi hamkorlarni jalb qilish bo‘yicha faol ishlarni davom ettirmoqda.

2025-05-12