2020-yil 11-mart kuni Xorazm viloyati Yangibozor tumanida yangi IT-Markazning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi, unda Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuxrat Sodiqov, Yangibozor tumani hokimi Oʻktam Masharipov, Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkining (IT-Park) direktori Farhod Ibragimov va IT-Park qoshidagi IT-Markaz direktori Nodir Alibekov ishtirok etdilar.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta tashabbusning uchinchi yoʻnalishi doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Oʻzbekistonning barcha mintaqalarida aholi uchun raqamli texnologiyalar boʻyicha oʻquv markazlari (IT-Markazlar) yaratilmoqda. Bugungi kunga qadar respublikamizda 24 ta mana shunday markaz tashkil etildi.
– “Joriy yilda biz Oʻzbekistonning barcha viloyatlarida IT-Markazlar ochishni rejalashtirganmiz. Mazkur markazlar iqtidorli yoshlarning koʻnikmalarini rivojlantirish va takomillashtirish uchun munosib sovgʻa boʻladi”, – dedi Shuhrat Sodiqov.
Xorazm viloyatida IT-Markazni yaratish uchun tuman hokimligi koʻmagi bilan “Oʻzbektelekom” AJ Xorazm filialining boʻsh binosi tanlab olinib, zamonaviy uslubda toʻliq qayta taʼmirlandi, u zamonaviy kompyuter texnologiyalari, robototexnika studiyalari, kibersport jihozlari va boshqa oʻquv inshootlari bilan jihozlandi.
Kelgusida tuman yoshlari axborot texnologiyalari va dasturlash sohasidagi innovatsion ishlanmalarni yaratish, shuningdek, startap loyihalarini ishlab chiqish bilan shugʻullanadilar.
Ushbu IT-Markazning ishga tushirilishi tufayli yoshlar butun mamlakat boʻylab amalga oshirilayotgan “One Million Uzbek Coders” loyihasida faol ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻldilar.
Kelgusida Markaz viloyatdagi barcha xohlovchilarga zamonaviy raqamli texnologiyalar sohasida taʼlim berishni rejalashtirmoqda, bu yerda taʼlim berish uchun 5000 dan ortiq kishini qamrab olish mumkin.
Eʼtiborli jihati shundaki, Markazda Toshkent shahridagi Inha universiteti va Toshkent axborot texnologiyalari universitetining eng yaxshi bitiruvchilari dars berishadi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi vakillari IT-Park jamoasi bilan birgalikda Guliston shahridagi “Alpomish” sport majmuasida tashkil etilgan hududiy savdo-sanoat yarmarkasida ishtirok etdilar.
Tadbir davomida IT-Park vakillari tashkilotning faoliyati toʻgʻrisida taqdimot qildilar, loyihalarning borishi va kelajakdagi rejalar haqida gapirib berdilar.
Taʼkidlash joizki, IT-Park jamoasi Guliston shahrida IT-Parkning yangi binosining qurilishi jarayoni va Xovos va Sayxunobod tumanlarida ochilishi rejalashtirilgan IT-Markazlar bilan tanishdilar.
2020-03-12