2021-yil 6-fevral kuni Farg‘onadagi IT Park filialida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov boshchiligidagi delegatsiya farg‘onalik yoshlar bilan uchrashdi.
Bundan tashqari, uchrashuvda IT Park direktori Farhod Ibragimov, Toshkent shahridagi Amity universiteti rektori Bobur Abdullayev, Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Muzaffar Jalolov hamda boshqalar ishtirok etishdi.
Uchrashuv davomida mehmonlar filial faoliyati va uning shart-sharoitlari bilan tanishib chiqishdi. Qolaversa, uchrashuv mehmonlari yoshlar bilan va “One Million Uzbek Coders” loyihasi doirasida to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha 200 dan ortiq yoshlarga ta’lim berish jarayoniga o‘z hissasini qo‘shgan IT Markaz o‘qituvchisi Ilhomjon Boltaboyev bilan suhbat qurishga muvaffaq bo‘lishdi. Ilhomjon dasturlash sohada 7 yildan beri faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
“IT Markazda ta’lim olishni xohlovchi yoshlar soni juda ko‘p. Mazkur IT Markazda maktab o‘quvchilari ham axborot texnologiyalari sohasidagi bilimlarini oshirishadi. Biz ishimizning natijalarini ko‘rishdan juda xursandmiz”, - dedi Ilhomjon.
13 yoshli Mustafo Muhammadov - Ilhomjonning o‘quvchilaridan biri. Ayni damda Mustafo Toshkent shahridagi 246-maktabning 7-sinfida tahsil oladi. Mustafo grafik dizaynga qiziqadi va hozirgi kunda ushbu sohada yaxshi natijalarga erishib kelmoqda.
Mustafoning otasi o‘g‘lining grafik dizayn va dasturlash sohasiga qiziqishini aytdi.
“Men karantin davrida IT sohasiga qiziqishim bor ekanligini anglab yetdim. Tanishlarim menga ish taklif qilishdi. Bo‘sh vaqtlarimda tayyor dizaynlarni animatsiya qilish bilan shug‘ullanardim”, - dedi Mustafo.
Qizig‘i shundaki, 13 yoshli Mustafo hozirgi kunda oyiga $300-400 daromad topadi.
Shuni ta’kidlash joizki, Marg‘ilon shahrida joylashgan IT Markazning ochilganligiga atigi 7 oy bo‘lganiga qaramasdan, ayni paytda ushbu IT Markazda 350 nafar yoshlar axborot texnologiyalari sohasi bo‘yicha tahsil olib kelmoqdalar. Shuningdek, so‘ngi vaqtlarda IT Park filiali mutaxassislari tomonidan 10 ta loyiha va “Raqamli O‘zbekiston 2030” loyihasi doirasida 4 ta loyiha amalga oshirildi va bu, o‘z o‘rnida markazga 350 000 000 so‘m miqdorida foyda keltirdi.
Tez kunda biz sizga yosh bo‘lishiga qaramasdan kattalar bilan teng darajada daromad topadigan yosh IT mutaxassis - Mustafo haqida batafsil gapirib beramiz.
2021-02-10