2023-yil yakunlari. Transformatsiya va 2024-yil uchun rejalar

2024-yil 31-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligida “IT Park 2024: Achievements & Vision” tadbiri bo‘lib o‘tdi, unda 2023-yil yakunlari, eksportni rivojlantirish bo‘yicha qo‘llab-quvvatlash dasturlari va istiqboldagi rejalar taqdim etildi. Tadbir xorijiy ekspertlar, davlat sektori vakillari, IT Park rezidentlari va hamkorlarini birlashtirdi.

Tadbirda hukumatning IT sohasiga qaratilayotgan strategik e’tibori, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekiston IT-sohasi oldiga qo‘yilgan ulkan maqsad — 2030-yilga kelib IT-xizmatlari eksportini $5 milliardga yetkazish masalasi alohida qayd etildi.

IT Park rezident-korxonalarining 2023-yildagi natijalari

2023-yil yakuniga ko‘ra, IT Park rezidentlari soni 1652 nafarga yetdi, shulardan, xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalar soni 426 ta. IT Park rezidentlari tomonidan $1 milliardlik xizmatlar ko‘rsatilib, $344,0 million miqdorda eksport xizmatlari amalga oshirildi.

IT Park rezidentlari mutaxassislari

2024-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, IT Park rezidentlarida 26 ming nafardan ortiq mutaxassislar faoliyat yuritib kelmoqda, ulardan 22 376 nafari Toshkent shahrida, 3 641 nafari hududlarda. Shunisi e’tiborga loyiqki, IT-mutaxassislar soni 18 950 nafarni, BPO-kompaniyalar xodimlari — 4 091, xorijiy mutaxassislar — 2 442, IT-yo‘nalishdagi o'qituvchilari soni — 736 nafarni tashkil etmoqda.

Qiziq jihati shundaki, eksport faoliyatini olib boruvchi kompaniyalarda faoliyat yuritayotgan xodimlar soni 13 ming nafardan oshdi, bu esa ichki bozorda faoliyat yuritayotgan xodimlar sonidan ko‘pdir.

Bu o‘rinda shuni e’tiborga olish kerakki, hududlardagi xodimlar soni (3 641) kam bo‘lishiga qaramay, yoshlarning IT sohasiga bo‘lgan qiziqishi ortib, ta’lim muassasalari soni esa ko‘paymoqda.

Shu tariqa, IT ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanayotgan IT Park rezidentlari soni 362 tani tashkil etmoqda (o‘tgan yilga nisbatan 1,7 baravarga o‘sdi (207)), ularning 73 foizi (264) hududlarda, qolgan 27 foizi (98) esa Toshkent shahrida joylashgan. Yana bir e’tiborli jihati shundaki, hududlarda yil davomida mazkur markazlarda 26 ming nafarga yaqin yoshlar tahsil olishgan, bu umumiy tahsil olganlarning 67 foizini tashkil etadi. Bu ko‘rsatkichlar hududlardagi yoshlar tomonidan IT-ta’limga bo‘lgan talab va qiziqish yuqoriligini ko‘rsatadi.

Bu esa hududlarda malakali mutaxassislarning ko‘pligidan dalolat beradi, ammo korxonalar o‘z ofislarini asosan Toshhkent shahrida ochishni afzal ko‘rgani bois, ish o‘rinlari taqchilligi yuzaga kelmoqda.

Statistika agentligi maʼlumotlariga koʻra, 2023-yilda IT-sohasida Toshkent shahrida oʻrtacha ish haqi 16,2 million soʻmni tashkil etgan, bu hududlarga (7,2 mln. so‘m) nisbatan qariyb 2,3 barobar koʻpdir.

Bu korxonalar uchun hududlarda oʻz ofislarini ochish uchun ajoyib imkoniyat bo‘lib, hududlarda operatsion xarajatlar va ish haqi Toshkent shahriga nisbatan ancha past boʻlib, ularning iqtisodiy barqarorlikni rivojlantirishga olib keladi.

IT Park rezidentlarining ko‘rsatkichlari va ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi

2023-yilda IT Park rezidentlari soni 1652 ta korxonani tashkil etdi (hududlarda 523 ta, Toshkent shahrida 1129 ta). Ulardan: 890 — IT xizmat ko‘rsatish; 426 — xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar; 400 — o‘z mahsulotini realizatsiya qiluvchi korxonalar; 362 — ta’lim korxonalari.

2023-yilda 846 ta korxonaga IT Park rezidenti maqomi taqdim etilgan, 304 ta ariza esa rad etilganini alohida taʼkidlash lozim. Shuningdek, 281 ta korxonalar IT Park rezidenti maqomidan mahrum etilgan (256 tasi majburiyatlarni bajarmaganligi, 25 tasi ruxsat etilmagan faoliyat turini amalga oshirganligi uchun).

Xorijiy koroxonalar soni 2,8 baravarga oshib, 426 taga yetgani va bu o‘z navbatida O‘zbekiston IT-bozoriga bo‘lgan xorijiy mamlakatlarning qiziqishdan dalolat beradi. Ushbu o‘sish mahalliy biznes ekotizimining global raqobatbardoshligini ham ko‘rsatmoqda.

IT Park rezidentlarining jami daromadi 2023-yilda ilk marta $1 milliarddan (12,5 trillion so‘m) oshib, o‘tgan yilga ($520 million) nisbatan 1,9 baravar o‘sganini alohida ta’kidlash lozim. Jami daromadning umumiy hajmining 95 foizi Toshkent shahriga, qolgan 5 foizi esa hududlarga to‘g‘ri keladi.

Bunda, IT Park rezidentlari tomonidan ko‘rsatiladigan barcha xizmatlarning 73 foizi IT autsors xizmatlariga to‘g‘ri kemoqda. Ushbu ko‘rsatkich dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, uni qo‘llab-quvvatlash va texnik xizmat ko‘rsatish kabi xizmatlarga bo‘lgan talab mavjudligini ko‘rsatadi.

Ta’kidlash joizki, ta’lim sohasi korxonalar daromadining atigi 1 foizini (142 milliard so‘m) tashkil etadi. Bu shuni anglatadiki, bu sohada ulkan salohiyat va imkoniyat mavjud.

IT Park rezidentlarining eksport faoliyati

Eksport hajmining o‘sishi nafaqat xizmatlar hajmining oshishi, balki eksportga yo‘naltirilgan IT Park rezidentlar sonining ko‘payishi bilan ham izohlanadi, ular 2023-yil yakuniga ko‘ra 1,5 barobarga ko‘payib, 551 tani tashkil etdi. Ta’kidlash joizki, IT Park rezidentlarning faqatgina uchdan bir qismi hududlarda faoliyat yuritsada, eksportning asosiy qismi Toshkent shahridan ro‘yxatdan o‘tgan korxonalar tomonidan amalga oshirilmoqda.

IT Park rezidentlarining eksport hajmi jadal o‘sishda davom etmoqda. 2023-yilda eksport hajmi $344 millionga yetdi, bu esa o‘tgan yilga nisbatan 2,4 barobar ko‘pdir ($140 million). Eksportning asosiy qismini IT-autsorsing - 57%, dasturiy ta'minot eksporti - 23%, BPO va boshqa xizmatlar 20% ni tashkil etdi.

Ushbu eksport hajmining katta qismi AQSh ($151 million), Buyuk Britaniya va Yevropa mamlakatlari ($82,5 million), MDH mamlakatlari ($69 million), Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari ($27,5 million) va MENA mamlakatlari ($14 million) hisobiga to‘g‘ri keldi.

IT Park faoliyatini transformatsiya qilinishi

2023-yil yakuniga kelib IT Park o‘z faoliyatini mahalliy kompaniyalarni jahon miqyosida qo‘llab-quvvatlash va xorijiy kompaniyalarni O‘zbekistonga jalb etishga yo‘naltirgan holda sezilarli o‘zgarishlarni amalga oshirdi.

Ushbu strategiyadan so‘ng tashkilot o‘z qarashlari, missiyasi va qadriyatlarini qayta ko‘rib chiqdi, biznes jarayonlarini to‘liq avtomatlashtirdi, xalqaro korporativ standartlarni joriy qildi va ingliz tilini asosiy aloqa vositasi sifatida belgilab oldi. Ushbu transformatsiya IT Parkga IT-xizmatlar va mahsulotlar eksportini rivojlantirishga ko‘proq e’tibor qaratish imkonini beradi. 

Transformatsiya 2030-yilga kelib $5 milliardlik eksport ko‘rsatkichlariga erishish, rezidentlar sonini 10 mingtaga yetkazish, 300 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratish va 1 million kvadrat metr maydonda infratuzilmani shakllantirish kabi ulkan maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan.

Korxonalar uchun rejalashtirilgan eksportni qo‘llab-quvvatlash dasturlari

IT Park rezidentlarining eksporti hajmi hozirda jahon eksport salohiyatining atigi 0,03 foizini tashkil etadi, bu esa Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo-Tinch okeani mintaqalarida eksport geografiyasini kengaytirish imkoniyatlarini ochadi.

Shuni hisobga olib, IT Park O‘zbekiston bozoriga qiziqqan xorijiy IT-kompaniyalar uchun “Zero Risk” va jahon bozoriga chiqmoqchi bo‘lgan mahalliy kompaniyalar uchun “Local2Global” kabi dasturlarni taqdim etdi.

“Zero Risk” — O‘zbekiston bozoriga hech qanday xavf va xarajatlar bilan kirishni xohlovchi xorijiy IT-kompaniyalar uchun imkoniyat. Dastur IT va BPO-autsorsing sohasida eksportni rag‘batlantirishga qaratilgan.

Dasturda ishtirok etuvchi kompaniyalarga 1 yil muddatga hududlarda bepul ofislar taqdim etiladi, shuningdek, 15 oy davomida imtiyozli to‘lov muddati bilan 100 kishigacha bo‘lgan ofisni jihoz va mebellar bilan jihozlashda yordam ko‘rsatiladi. Shuningdek, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan xodimlarning ish haqi xarajatlarining 15 foizigacha va xodimlarini o‘qitish va malakasini oshirish xarajatlarining 50 foizigacha ($5000 gacha) qoplab beriladi.

“Local2Global” dasturi xalqaro bozorlarga muvaffaqiyatli chiqishga intilayotgan mahalliy kompaniyalar uchun yaratilgan. Dasturning afzalliklari orasida eksport bo‘yicha konsalting xarajatlarining 50% qoplanishi, mijozlarning O‘zbekistonga xorijiy sayohatlari, xalqaro ko‘rgazma va konferensiyalarda ishtirok etish, shuningdek, “Coursera” platformasidagi kurslarga bepul kirish va eksport bo‘yicha mentorlik xizmatlari mavjud.

Bundan tashqari, IT Park yangi “Regional Headquarters” dasturini taklif etadi, buning yordamida ikki yoki undan ortiq xorijiy mamlakatlarda faoliyat yurituvchi va eksport ko‘rsatkichlari mahalliy bozorga ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘rsatkichlaridan yuqori bo‘lgan xalqaro servis kompaniyalari O‘zbekistonda mintaqaviy ofislarni ochish uchun subsidiyalar olishlari va mahalliy IT mutaxassislar bilan faol hamkorlik qilishlari mumkin.

“IT Talents” dasturi ta’lim korxonalari va eksportga yo‘naltirilgan korxonalar o‘rtasidagi hamkorlikni rag‘batlantiradi va kadrlar malakasining nomuvofiqlik muammosini hal qiladi. Dasturda ishtirok etayotgan ta’lim korxonalari har bir muvaffaqiyatli ishga qabul qilingan mutaxassis uchun 25 million so‘mgacha, nogironligi bo‘lgan mutaxassis uchun esa 35 million so‘mgacha kompensatsiya olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

IT Park rezidentlari uchun ko‘zda tutilgan o‘zgarishlar

IT Park rezidenti maqomi barcha turdagi korporativ soliqlardan to‘liq ozod qilishni ta’minlaydi. Masalan, norezidentlar korporativ soliqni 4-12% miqdorida to‘lashadi, rezidentlar esa bu majburiyatdan butunlay ozod qilingan. Norezidentlar uchun ijtimoiy soliq 12% ni tashkil qiladi, rezidentlar uchun esa 0%. Norezidentlar uchun daromad solig‘i 12%, rezidentlar uchun esa 7,5% miqdorida belgilangan. Norezidentlar xizmatlar importi uchun QQS to‘lashlari shart, rezidentlar esa ushbu soliq majburiyatidan ozod qilingan. 

Eksport ko‘rsatkichlarini rag‘batlantirish maqsadida faoliyatining 50 foizdan ortig‘i IT-xizmatlar eksportiga yo‘naltirilgan IT Park rezidentlari uchun soliq imtiyozlari muddati 2040-yilgacha uzaytirish rejalashtirilmoqda. 2027-yil oxirigacha 50 foizdan ortiq eksport xizmatlarini amalga oshirgan rezidentlar soliq imtiyozlaridan dastlab rejalashtirilganidek 2028-yilgacha emas, balki 2040-yilgacha foydalanishlari mumkin.

Raqamli texnologiyalar xalqaro markazini tashkil etish

O‘zbekistonda IT-kompaniyalar uchun eng yaxshi soliq rejimi amalga oshirilgan, ammo yirik xorijiy kompaniyalarni jalb etish zaruratini anglagan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-fevraldagi “Raqamli texnologiyalar xalqaro markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi 25-son farmoni qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, IT-sohasida xizmatlar eksporti hajmini $5 milliardga yetkazish, 100 mingta ish o‘rni va IT Parkning xorijiy rezident kompaniyalari uchun yanada jozibador sharoitlar yaratish (ularning sonini 1 000 taga yetkazish) maqsadida IT Park hududida Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi (International Digital Technology Center — “ENTERPRISE Uzbekistan”) tashkil etiladi.

Ushbu markaz raqamli texnologiyalar va autsorsing sohasida mahsulotlar yaratish va xizmatlar ko‘rsatish uchun jozibador sharoitlarga ega maxsus hudud bo‘ladi. Bu yerda tartibga solish qumdoni, intellektual mulk va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, davlat va bank xizmatlari, mehnat munosabatlarini tartibga solish, shuningdek, bojxona va soliq masalalari, tijorat va fuqarolik nizolarini hal qilishda yordam beriladi.

Markaz 2024-yilning 1-iyun sanasidan boshlab 5 yil davomida eksperimental rejimda ish boshlaydi va bu davrda eksperimental maxsus huquqiy rejim joriy qilinadi.

Ushbu qadam O‘zbekistonning kompaniyalarni eng yaxshi soliq sharoitlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash dasturlarini amalga oshirish orqali qo‘llab-quvvatlovchi global IT-sohasidagi asosiy o‘yinchilardan biriga aylanish istagini ta’kidlaydi.

Xorijiy kompaniyalar va investorlarni bizning rivojlanayotgan ekotizimga qo‘shilishga va Toshkentda bo‘lib o‘tadigan “Offshore Outsourcing Tour” (2024-yil mart), “Global Business Services Forum” (2024-yil iyul), “Central Asian Outsourcing Summit” (2024-yil oktabr) tadbirlarida, shuningdek doimiy ravishda xorijda o‘tkaziladigan “Uzbekistan Outsourcing Conference” tadbirlarimizda ishtirok etishga taklif qilamiz.

Roʻyxatdan oʻtish va batafsil maʼlumot: https://outsource.gov.uz/

2024-02-02