21 oktyabr - oʻzbek tili kuni!

Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili toʻgʻrisidagi qonun 1989-yil 21-oktyabrda qabul qilingan. Bugun mazkur voqeaga 31 yil boʼldi.

“Dunyoning qadimiy va boy tillaridan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzlikni anglash va davlat mustaqilligi, ulkan maʼnaviy qadriyat timsolidir. Ona tilimizning barcha goʻzalligi, jozibasi va boyligini, ulkan imkoniyatlarini his etishni istagan har bir inson, qadimiy doston va maqomlar, ona allasi, hofiz va baxshilarimizning qoʻshiqlarini tinglasin”, — dedi Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti 2019-yil 21-oktyabr kuni oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining oʻttiz yilligiga bagʻishlangan tantanali yigʻilishda.

Oʻzbek tili rasmiy ravishda davlat tili maqomiga ega boʻlgandan soʻng, oʻzbek tilini joriy etish jarayoni takomillashtirildi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida xizmat faoliyati hujjatlari, barcha korxona va tashkilotlar davlat tilida olib borilmoqda.

IT Park, oʻz navbatida, oʻzbek tili yordamida hujjatlar aylanishi, rasmiy uchrashuvlar, ish safarlari, loyihalar, tanlovlar va boshqa tadbirlarda qoʻllash orqali samarali ish yuritib kelmoqda.

Taʼkidlash joizki, IT Park rezidentlari toʻgʻridan-toʻgʻri oʻzbek tiliga bogʻliq boʻlgan turli texnologik mahsulotlarni ishlab chiqarmoqda. “Yurida NYSA” kompaniyasi shunday rezidentlardan biridir.

Jumladan, aholi oʻrtasida davlat tilidan foydalanish sifatini oshirish maqsadida “Yurida NYSA” IT Park rezidenti oʻzbek tilida (lotin/kirill) matnni imloviy tekshirish uchun moʻljallangan “Yurida-Orfo” kompyuter dasturini ishlab chiqdi va davlat rahbari va mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan qabul qilingan qarorlarda xizmat faoliyatini yuritishga axborot-texnika vositalarini jalb etish talablarini amalga oshirishni taʼminlash maqsadida koʻplab davlat organlari bilan hamkorlik qiladi.

“Yurida-Orfo” dasturi Oʻzbekistonda ushbu funksiyalar bilan ishlaydigan yagona dastur hisoblanadi. U oʻzbek tilida kundalik yozishmalarni amalga oshirayotgan foydalanuvchilar uchun moʻljallangan boʻlib, joʻnatilayotgan xatlar, qabul qilinayotgan qarorlar va farmoyishlar, oʻzbek tilida yozilgan xizmat va boshqa hujjatlar imlo-ishoralar bilan toʻgʻri yozilib, vaqtni tejash, shuningdek, soʻzlarning tavsifini koʻrsatish orqali savodxonlikni taʼminlashga yordam beradi. Hozirgi vaqtda dastur maʼlumotlar bazasida 400.000.000 dan ortiq soʻz shakllari mavjud boʻlib, ular muntazam ravishda oʻzbek tilidagi yangi soʻzlar bilan toʻldirilmoqda.

Yana bir IT Park rezidenti “Project Managers” ham aholi tomonidan oʻzbek tilidan toʻgʻri foydalanishga oʻz hissasini qoʻshdi. Rezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan mazkur loyiha — “Matn.uz” onlayn platforma boʻlib, vatandoshlarimiz orasida oʻzbek tili borasidagi bilimlar va savodxonlikni oshirish maqsadida tashkil etilgan. Loyihaning asosiy maqsadlaridan biri oʻzbek tilidagi matnlarni toʻgʻri yozilishiga koʻmaklashishdan iborat. Ushbu platforma oʻzbek matnini lotin alifbosidan kirill alifbosiga yoki aksincha aylantirish, bir martada 5 000 ta belgidan iborat matnni tahrir qilish, shuningdek, foydalanuvchi uchun qiziqarli soʻzning toʻliq lugʻaviy izohini topish imkonini beradi.

Bu bilan rezidentlarimizning oʻzbek tiliga oid loyihalari tugamaydi. “PDP IT Academy” — bu Android dasturlash, Python dasturlash, Frontend, Flutter, iOS kabi dolzarb IT mutaxassisliklarini oʻrganishingiz mumkin boʻlgan akademiya. Barcha kurslar faqat oʻzbek tilida mavjud boʻlib, Oʻzbekiston aholisining koʻpchiligiga taʼlim jarayonida qiyinchilik va til toʻsiqlari boʻlmagan holda IT sohaga kirish imkonini beradi. Bugungi kunda oʻzbek tiliga bu darajada eʼtiborini qaratgan dasturlash kurslari barmoq bilan sanarli. Aynan “PDP IT Academy” IT kurslarini faqat oʻzbek tilida tashkil etib, IT kurslar davlat tilida olib borilishi qanchalik muhim va yuqori talabdaligini anglab yetdi.

IT Park loyihalari haqida unutmang. “One Million Uzbek Coders” — bugungi kunda mamlakatimiz aholisi orasida katta talabga ega boʻlgan taʼlim loyihasi. Loyiha nomidan uning davlat tili va umuman oʻzbek tilida soʻzlashadigan jamiyat bilan uzviy bogʻliqligini tushunish mumkin. Buning sababi, uzbekcoders.uz platformasidagi kurslar faqat oʻzbek va ingliz tillarida mavjud. Platformada siz 4 ta dolzarb dasturlash yoʻnalishlari boʻyicha kurslarni oʻrganishingiz mumkin: Android Development ( Google bilan hamkorlikda), Front-end Development, Full-stack dasturlash, maʼlumotlarni tahlil qilish.

“One Million Uzbek Coders” tashabbusi mahalliy IT taʼlimni rivojlantirishga qaratilgan boʻlib, shu bilan mamlakat aholisiga nafaqat ingliz tilida, balki oʻzbek tilida ham IT mutaxassisliklari uchun qulay va sifatli oʻqitish imkonini beradi. Loyihaning maqsadi IT mutaxassislar avlodini rivojlantirish, ularni axborot texnologiyalari sohasida kelgusida professional ish olib borish uchun zarur boʻlgan barcha vositalar bilan jihozlashdan iborat.

Taʼlim haqida gapirganda, Oʻzbekistonning barcha viloyat va mintaqalarida joylashgan IT markazlarni ham qayd etmaslikning iloji yoʻq. Hududiy IT markazlar joylashuvi va auditoriyasini hisobga olgan holda kurslar asosan oʻzbek tilida olib boriladi. IT markazlarda quyidagi soha mutaxassisliklari boʻyicha taʼlim olish mumkin:

- Kompyuter savodxonligi;

- Chuqurlashtirilgan MS Office;

- Veb dasturlash tillari;

- Grafika va dizayn asoslari;

- Mobil ilovalarni yaratish;

- Python dasturlash tili;

- Arduino va LEGO Mindstorms asosida ishlaydigan mobil robotlar;

- Kibersport: CS: GO, Dota2, FIFA20.

IT markazlari IT dunyosiga uzoq muddatli yoʻl uchun yaxshi ibtido boʻlib xizmat qiladi.

IT sohasida biznes tadbirkorlikni oʻqitishga qaratilgan “IT Tadbirkor” IT Parkning yana bir yangi loyihasi, innovatsion faoliyat ruhini odamlarga yetkazish, shuningdek, ijtimoiy va iqtisodiy sohada maqsadli biznesni tashkil etishda innovatsion yondashuvni yaratishdir. Kurslar oʻzbek tilida ham olib boriladi. Kurs talabalari oʻz gʻoyalari va biznes farazlarini sinab koʻrish, jamoani shakllantirish, mahsulotning hayotiy aylanmasini aniqlash va rejalashtirishni oʻrganadilar. Video maʼruzalar bilan bir qatorda, oʻzbek tilida fikr-mulohazali vebinarlar ham oʻtkaziladi, unda talabalar soha mutaxassislariga savollar berishlari mumkin.

Shu kabi tashabbuslar sharofati bilan oʻzbek tilidan foydalanish yana-da sifatli va samarali boʻlib kelmoqda. Aholi davlat tilida yana-da koʻproq oʻqiy boshlaydi va har qanday faoliyat sohasiga boʻlgan talab va ehtiyojdan xabardor boʻladi.

Biz kelib chiqishimiz, tarix va madaniyatimizni unutmasligimiz kerak. Oʻzbek tili ham mamlakatimizning boy va oʻziga xos madaniyatining ajralmas qismi hisoblanadi. Shuning uchun biz qayerda ishlayotgan yoki yashayotgan boʻlmaylik, tilimizni qadrlash va hurmat qilishimiz zarur.

Muhim havolalar:

Yurida Nysa: http://yurida.uz/

Matn.uz: http://matn.uz

PDP IT Academy: http://pdp.uz

One Million Uzbek Coders: http://uzbekcoders.uz

IT markazlari: http://itcenter.uz

IT Tadbikor dasturi maʼruzalarini IT Park youtube kanalida kuzatishingiz mumkin: https://www.youtube.com/channel/UCZWqg4oxo2PyLGuQifUbeqg/videos

 

2020-10-21