11-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov IT Park’ning Samarqand viloyatidagi rezidenti “KMS Trans SO” QK tomonidan tashkil etilgan BPO maktabining ochilish marosimida ishtirok etdi.
“KMS Trans SO” AQSHda logistika va yuk mashinalari harakatini nazorat qilish sohasida faoliyat yuritadi. Logistika korxonasida ayni paytda 20 nafar yosh xodimlar faoliyat yuritmoqda. Korxonada ishlash uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan bo’lib, xodimlardan faqat ingliz tilini mukammal bilish va kompyuter bilan ishlash ko’nikmasi talab etiladi.
Yangi ochilgan BPO markazining asosiy maqsadi yoshlarga bilim berish, ularni ishga tayyorlash va shu orqali xodimlar sonini ko‘paytirishdan iborat.
Bundan tashqari, vazir Samarqand viloyatiga safari doirasida yangi “WEPRO” o‘quv markazining ochilish marosimida ishtirok etdi. Ayni paytda markazda 100 ga yaqin talaba AKT sohasining turli yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olmoqda.
Shu bilan birga, AKT vaziri o‘quv markazi faoliyati bilan yaqindan tanishib, talabalar bilan suhbatlashdi.
Vazir IT-markazlar bilan hamkorlikni mustahkamlash va AKT sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha BPO markazlari faoliyatini kengaytirish muhimligini alohida ta’kidladi.
2022-06-13