AKT vaziri Farg‘ona viloyatida amaliy tashrif bilan bo‘ldi

2022-yilning 11-12-may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov amaliy tashrif bilan Farg‘ona viloyatida bo‘ldi.

Tashrif doirasida vazir Dang‘ara tumanidagi “Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi” DUKda bo‘lib, korxona binosi va u yerda olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.

Shu kuni Sherzod Shermatov Farg‘ona axborot texnologiyalari kollejida bo‘lib, u yerda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi va ta’lim muassasasini rivojlantirish rejalarini muhokama qildi. Vazir, birinchi navbatda, talabalarni har tomonlama rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligini qayd etdi.

Qo‘qon shahridagi yangi ta’mirdan chiqarilgan pochta bo‘limi faoliyati bilan ham tanishildi. O‘tkazilgan uchrashuvda viloyat pochta aloqasi bo‘limining bo‘sh turgan binolarida BPO-markazini ochish masalasi muhokama qilindi.

Sherzod Shermatov ikkinchi kuni Farg‘ona shahridagi imkoniyati cheklangan bolalar maktab-internatiga tashrif buyurdi. Bolalarga sovg‘alar va IT Parkda bepul ta’lim olishlari uchun sertifikatlar topshirildi.

Bundan tashqari, vazir Farg‘ona filialida Uzinfocom yagona integratorining ochilish marosimida ham ishtirok etib, Rishton viloyatidagi IT Park rezidenti “I HOUSE” yuqori texnologiyalar maktabiga tashrif buyurdi va maktab faoliyati, kelgusidagi rejalari bilan yaqindan tanishdi. Vazir Megagroup.ru platformasi direktori Numon Yo‘ldoshev bilan uchrashdi.  Megagroup.ru IT-Park rezidenti bo‘lishga tayyorligini ma’lum qildi, shuningdek, tomonlar kelgusida ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

Shuningdek, vazir Farg‘ona viloyati hokimligi huzuridagi Raqamli texnologiyalar markazi direksiyasi, “ITeach” zamonaviy kasblar akademiyasi hamda “PARVOZ” o‘quv markazida bo‘ldi.

2022-05-12