AKT vaziri Jahon banki vakili bilan uchrashuv oʻtkazdi

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov AQShga tashrifi doirasida Jahon bankining raqamli rivojlanish kotibiyati direktori Christine Zhenwei Qiang bilan uchrashdi. Yig‘ilishda xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov va IT Park direktori Farhod Ibragimov ham ishtirok etdi.

Uchrashuvda hukumatning «Raqamli O‘zbekiston–2030» strategiyasini amalga oshirishni keng va uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Raqamli O‘zbekiston» ko‘p bosqichli investitsiya operatsiyasi — «soyabon» shaklidagi dasturning amalga oshirilish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, «2022–2026-yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi» doirasida raqamlashtirish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar masalasiga ham e’tibor qaratildi.

«O‘zbekistonda raqamli inklyuzivlik» deb nomlangan kichik maqsadli investitsiya loyihalarini moliyalashtirish loyihasini o‘z ichiga olgan ushbu asosning birinchi bosqichini amalga oshirishda O‘zbekiston uchun Jahon bankining Xalqaro rivojlanish assosiatsiyasidan mablag‘ ajratish bo‘yicha ham fikr almashildi.

2022-06-23