Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov, Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov va IT Park direktori Farhod Ibragimov AQShga amaliy tashrifi davomida “Plug and Play” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashdi.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonda Plug and Play dasturi yordamida BPO va KPO xizmatlarini ko‘rsatish uchun iqtidorli mutaxassislarni jalb qilish masalalarini muhokama qildilar.
AKT vaziri Plug and Play kompaniyasi vakillari bilan O‘zbekistonda vakolatxona ochish masalasini ham muhokama qildi.
Plug and Play O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochish ortidan startaplar rivojiga ko’maklashadi, yirik korporatsiyalar bilan aloqa o’rnatib, venchur kapitalini jalb qilishda yordam beradi. Uchrashuvda Sherzod Shermatov O‘zbekistonda bunday noyob ekotizimning yaratilishi yosh startaplar uchun “yakkashoh” darajasiga yetgan loyihalarga ega bo‘lishlari uchun qo‘shimcha imkoniyat ekanligini alohida ta’kidladi.
Eslatib o'tamiz, BPO (biznes jarayonlari autsorsingi) autsorsing turlaridan biri bo'lib, unda tashkilot asosiy bo'lmagan biznes jarayonlarini boshqa kompaniyaga yuklaydi. KPO (Knowledge Process Outsourcing) BPO ning kichik segmenti bo'lib, unda bilim va ma'lumotlar bilan bog'liq jarayonlar uchinchi tomon tashkilotlarga topshiriladi.
Ma’lumot uchun, Plug and Play – startaplar, korporatsiyalar, venchur kapital firmalari, universitetlar va davlat idoralarini birlashtiruvchi yetakchi innovatsion platformadir. Kompaniya beshta qit'ada 40 dan ortiq joyda faoliyat yuritadi va bosh ofisi Silikon vodiysida joylashgan. Plug and Play korporativ innovatsion dasturlarni taklif qiladi va korporativ hamkorlarga innovatsion sayohatining har bir bosqichida, o‘rganishdan tortib to amaldagi ijrosigacha yordam beradi. Kompaniya, shuningdek, startap akseleratorlariga asos solib, tarmoqlar bo'ylab innovatsiyalar yaratish uchun o’z venchur kapital fondlarini tashkil qildi. Dropbox, Guardant Health, Honey, Lending Club, N26, PayPal va Rappi kabi yuzlab muvaffaqiyatli kompaniyalarga sarmoya kiritildi.
2022-06-24