23-avgust kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish Vaziri Sherzod Shermatov Samarqand viloyatiga safari doirasida IT Park mintaqaviy filialiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida Sherzod Xotamovich filial xodimlari va sohada faoliyat yuritayotgan IT-mutaxassislari bilan suhbatlashdi. Vazir ular tomonidan amalga oshirilgan ishlar va loyihalar bilan tanishdi, filial vakillari esa tashkilot faoliyati va yil yakuniga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlar haqida soʻzlab berishdi.
Vazirlik rahbari IT Parkʼning Samarqand filiali faoliyatini kengaytirish va xorijiy mamlakatlarga xizmatlar eksportini oshirish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.
Bundan tashqari, AKT Vaziri soha mutaxassislariga soha rivojiga qo‘shayotgan hissalari uchun minnatdorchilik bildirib, yangi g‘oya va loyihalarni har doim qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ta’kidladi.
Bundan so‘ng Sherzod Shermatov IT Park huzurida ochilgan Samarqand shahar IT-Markazi talabalari bilan uchrashdi. Ularning dars jarayonini diqqat bilan kuzatdi, so‘ng talabalar bilan suhbatlashdi.
Yoshlar bilan suhbatda Sherzod Xotamovich kelajakda ular tajribali va muvaffaqiyatli IT-mutaxassislari boʻlishlari kerakligini ta’kidlab, ularga keyingi o‘qish va ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.
Vazir taʼkidlaganidek, yoshlarga sifatli taʼlim berish, ularga yetarli shart-sharoit yaratish – bu yosh isteʼdodlarni AKT sohasiga jalb etish va ushbu sohaga qiziqishni yanada oshirishning kalitidir.
2022-08-25