2022-yil 29-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov IT Park rezidenti “Najot ta’lim” o‘quv markaziga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida vazir IT Park rezidenti faoliyati bilan tanishib, bugungi kunda AKT sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham so‘zlab berdi.
Uchrashuvda Yoshlar masalalari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev ham ishtirok etib, ularga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida Yoshlar portalini yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘z fikrlarini aytib oʻtdi.
Bundan tashqari, Sherzod Shermatov kredit olish tizimini joriy etish orqali Yoshlar portalini rivojlantirish taklifini ilgari surdi. Barcha jarayonlarni raqamlashtirish sharoitida bankka jismoniy tashrif buyurib emas, balki onlayn portal orqali kredit olish imkoniyatini yaratish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Yoshlar daftariga kiritilgan IT-yo‘nalishlarida yoshlarni o‘qitish maqsadida subsidiyalar ajratish masalalari ham muhokama qilindi.
Tashrif yakunida vazir va mazkur o‘quv markazi talabalari o‘rtasida erkin muloqot bo‘lib o‘tdi va unda yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarni berib, ularga javob olishdi.
2022-02-01