AKT Vazirining Navoiy viloyatiga tashrifi natijalari

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish Vaziri Sherzod Shermatov ish tashrifi bilan Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi.

Safar doirasida u Navoiy viloyati hokimligi tomonidan qurilayotgan IT Park filialining yangi binosi qurilish jarayoni bilan tanishdi.

Qurilayotgan binoda 2 ta inkubatsiya markazi, bitta IT-texnikum, 2 ta BPO- va 2 ta kovorking markazni joylashtirish rejalashtirilgan bo‘lib, bu jami 150 dan ortiq ish o‘rni yaratish imkonini beradi.

Sherzod Xotamovich filial xodimlari va sohada faoliyat yuritayotgan IT-mutaxassislari bilan suhbatlashdi. U ular tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va loyihalar bilan tanishdi, filial vakillari esa tashkilot faoliyati va yil yakuniga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlar haqida gapirib berishdi.

Vazirlik rahbari IT Park mintaqaviy filiali faoliyatini kengaytirish va uzoq xorij mamlakatlariga xizmatlar eksportini oshirish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.

Bundan tashqari, safar doirasida Sherzod Xotamovich IT Park mintaqaviy filialida yosh IT mutaxassislari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

AKT Vaziri markazlar talabalari bilan ushbu sohadagi mavjud muammolar va bo‘lajak IT-mutaxassislar uchun imkoniyatlarni muhokama qildi.

O‘z navbatida, Sherzod Shermatov yoshlar bilan suhbatda ularning kelajakda raqobatbardosh va yuqori malakali IT-mutaxassis bo‘lib yetishishi uchun bilim va ko‘nikmalarini oshirish naqadar muhim ekanini ta’kidlab, ularga keyingi o‘qish va ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.

Uchrashuv Vazir va yoshlar o‘rtasidagi savol-javob sessiyasi bilan yakunlandi.

2022-10-18