AKT vazirligi va VISA kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi 

21-iyun kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Vashington shahridagi VISA kompaniyasiga tashrif buyurdi. Uchrashuvda Xalq ta’limi vaziri orinbosari Rustam Karimjonov, IT Park direktori Farhod Ibragimov ham ishtirok etdi.

VISA kompaniyasi vakillari bilan kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish va uning salohiyatini oshirish, shuningdek, potensial hamkorlik platformasini yaratish, shu jumladan, onlayn to‘lovlar va boshqa sohalardagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.

AKT vazirligi delegatsiyasi VISA ma’lumotlar markaziga ham tashrif buyurib, uning faoliyati bilan tanishdi. Mehmonlarga markaz haqida batafsil ma’lumotlar berilib, taqdimot o‘tkazildi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda AKT sohasini rivojlantirish, raqamlashlashtirish va texnologiyalarni amalga oshirishda hamkorlik qilish maqsadida AKT vazirligi va VISA kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

2022-06-23