ALTEN Group kompaniyasining O'zbekistondagi vakolatxonasi ochilishi muhokama qilinmoqda

2022-yilning 18-noyabr kuni Germaniyaga amaliy tashrifi doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Germaniyaning ALTEN Group vakolatxonasi – dunyoning 20 dan ortiq mamlakatlarida filiallari boʻlgan, dunyodagi eng yirik muhandislik IT xizmatlarini yetkazib beruvchilar uchtaligiga kiruvchi va 40 mingdan ortiq mutaxassisga ega boʻlgan xalqaro injiniring kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuvda IT Park Uzbekistan direktori Farhod Ibragimov, ALTEN GmbH loyiha direktori Markus Kolvig, ALTEN GmbH bo‘limi direktori Emmanuel Jannini, ALTEN GmbH qoshidagi AUTOSAR kompetentsiya Markazi katta loyiha menejeri Shakir To‘laganov, shuningdek, IT Park Uzbekistan menejerlari ishtirok etdilar.

IT Park vakillari tashkilot faoliyati haqida batafsil taqdimot oʻtkazdilar, mamlakatning raqobatbardosh ustunliklari, hukumat tomonidan ko‘rsatilayotgan, axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirishning ijobiy dinamikasiga va yuqori malakali kadrlar ortishiga hissa qoʻshayotgan alohida koʻmak haqida soʻzlab berdilar, shuningdek, ALTEN Group kompaniyasining Oʻzbekistondagi vakolatxonasini ochish taklifi bilan chiqdilar.

Markus Kolvig ALTEN Group kompaniyasida dasturiy ta’minotni ishlab chiqish bo‘yicha mutaxassislarga katta ehtiyoj borligini taʼkidladi, biroq Yevropa bozorida IT-mutaxassislarning keskin tanqisligi mavjud, shu sababli ALTEN Group kompaniyasi IT Parkʼning O‘zbekiston Respublikasida o‘z ofislarini ochish va loyihalarni O‘zbekistondagi mahalliy IT mutaxassislariga autsorsing qilish taklifiga qiziqish bildirdi.

Shuningdek, tomonlar ALTEN Group bootcampʼida amaliyot dasturlari va xalqaro loyihalar bilan ishlash boʻyicha bilim va koʻnikmalarini oshirish uchun tajriba almashish orqali yosh mahalliy mutaxassislarning malakasini yanada oshirishni muhokama qildilar, bunda Respublikada har yili ishga joylashishi zarur boʻlgan 600 mingga yaqin yoshlar maktablarni bitirayotganini alohida eʼtiborga olindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikning barcha mumkin bo‘lgan yo‘llarini shakllantirishga, takliflar asosida yo‘l xaritasini ishlab chiqish va ALTEN Group direktorlar Kengashining umumiy xulosasiga ko‘ra, 2023-yil mart oyida kompaniya vakillarining O‘zbekiston Respublikasiga javob tashrifini tashkil etishga kelishib oldilar.

2022-11-19