Amerika kompaniyalari O‘zbekiston IT bozoriga qiziqish bildirmoqda

4–6-iyun kunlari Toshkent shahrida AQSh Savdo missiyasining tashrifi doirasida Amerikaning IT-kompaniyalari vakillari bilan rasmiy uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Xususan, 5 iyun kuni Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etgan panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi. U AQSH xorijiy kompaniyalar vakillariga O‘zbekistonning IT jozibadorligi, ushbu yo‘nalishda yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, O‘zbekistonni mintaqaviy IT xabga aylantirish borasida qilinayotgan ishlar xususida gapirdi. 

Panel sessiyada AQShning yetakchi kompaniyalari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Sessiyaning asosiy qismi yakunida AQSh ishbilarmon doiralari vakillari bilan B2G va B2B formatidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Shu kuni Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT-park vakillari SAS (Statistik tahlil tizimi) kompaniyasining Mijozlarga xizmat ko‘rsatish bo‘limining katta direktori Hamid Haktan Ishchi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

SAS — biznes-tahlil sohasida yechimlar va xizmatlar ishlab chiqish va sotishga ixtisoslashgan dunyodagi eng yirik xususiy IT kompaniyalaridan biri. Kompaniya 1976-yilda tashkil etilgan va bugungi kunda 70 000 dan ortiq mijozlarga xizmat ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, sun’iy intellekt va ta’lim sohasidagi hamkorlikka qiziqish bildirgan Peoplehive asoschisi Pavan Abraham bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda hamkorlik masalalari, jumladan, tibbiyotda sun’iy intellektdan foydalanish va Buxoroda universitet ochish imkoniyatlari muhokama qilindi.

“Peoplehive”  -  Amerika, Yevropa, Markaziy Osiyo, Janubi-sharqiy Osiyo, Hindiston yarimoroli va Okeaniyada global miqyosda xizmat ko‘rsatadigan ta’lim konsalting kompaniyasidir. Kompaniyaning asosiy vazifasi – ingliz tilida so‘zlashadigan xalqaro talabalarga o‘quv dasturlari orqali imkoniyat yaratishdir.

Bundan tashqari, Google kompaniyasining davlat organlari bilan hamkorlik va ommaviy siyosat boshqarmasi boshlig‘i Olga Skoroxodova bilan muzokaralar olib borildi. Xorijlik hamkasblarga IT Park faoliyati, rezident kompaniyalar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, xorijiy kompaniyalar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida so‘zlab berildi. Yig‘ilishda O‘zbekistonning IT va BPO sohalarini rivojlantirish, shuningdek, mahalliy mutaxassislarning malakasini oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston axborot texnologiyalarini iqtisodiy o‘sish va aholi turmushini yaxshilashning asosiy omili sifatida ko‘rib, uni rivojlantirishga faol sarmoya kiritmoqda. Uchrashuvlar xorijiy kompaniyalarning o‘zbekistonlik hamkorlar bilan ushbu sohani rivojlantirishga qiziqishi ham tasdiqlanadi.

2023-06-07