Oʻzbekistonlik IT mutaxassislar haqidagi boʻlimni davom ettiramiz. Kimdir bu sohaga kompyuterni oʻrganish orqali kelgan boʻlsa, kimdir zavoddagi ishidan, yana kimdir xuddi bugungi qahramonimiz, Emil Yerofeyevskiyga oʻxshab oshpazlikdan “aytishniklikka” oʻtgan. Har bir tarix oʻziga xos va qimmatli.
Emil Yevofeyevskiy, 22 yosh, Monday Academiy oʻquv markazi direktori, Buxoroda yashaydi.
- Faoliyatingiz haqida toʻxtalib oʻtsangiz.
- Mana 3 yildan beri IT sohasida ishlayapman, PHP va Python tillarida veb saytlar va ilovalar yarataman. Mutaxassisligim anchayin keng: veb saytlardan tortib veb CRM tizimlariga (mijozlarni hisobga olish tizimlari) qadar. Shuningdek, men Monday Labs Academy (Buxoro shahri) kompaniyasida oʻqituvchi va direktorman, u yerda IT sohasida mutaxassislar tayyorlaymiz.
- Nima uchun IT mutaxassisi boʻlishga qaror qildingiz?
- Men bu sohani maqsadli tanladim, yaʼni “aytishnik” yaxshi daromad manbayi va menbop kasb. Chet elga boʻlgan muvaffaqiyatsiz safardan soʻng qisqa vaqt ichida IT bilan shugʻullana boshladim. Men oʻz imkoniyatlarimni Rossiyada ocholmadim: yaxshigina qarzga botib uyga qaytishga majbur boʻldim. Bu ham bir tarafdan yaxshilikka, chunki u yerda yaxshi oshpaz boʻlib qolib ketishim mumkin edi, biroq men dasturchi boʻldim. Oʻsha paytda men vaziyatni oʻzgartirish kerakligini angladim, chunki hech qanday tanlov ham, orqaga qaytish yoʻllari ham yoʻq edi. Keyin dasturchi boʻlish fikriga keldim.
- ITʼga boʻlgan yoʻlingiz qanday oʻtdi?
- Men ishlay boshlaganimda, yumshoq qilib aytganda, IT sohasi rivojlanmagan edi. Dasturchilar uchun ishlash qiyin va ishonch yoʻq edi. Bundan tashqari, juda kam odam ITʼning ahamiyatini tushunardi. Har bir narsani oʻzingiz oʻrganishingiz juda qiyin edi, chunki baʼzida qayerdan boshlashni va qayerga harakat qilishni bilmasdim, qarorlarni qabul qilishda barcha imkoniyatlarni sinab koʻrishga toʻgʻri kelar, bu esa dahshatli stress va juda sekin oʻsishga sabab boʻlardi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va IT Park tashabbusi tufayli mamlakatimizda IT holati keskin yaxshilandi va “dasturlash – kelajak kasbi” tushunchasi mustahkamlandi. Oʻylaymanki, hozir bu sohada yoʻlni boshlash uchun eng yaxshi vaqt, chunki bolalar taʼlim olishiga juda koʻp imkoniyatlar yaratilmoqda. Misol uchun bizning akademiyamiz, biz olti oy davomida bolalarni bir yil yoki undan koʻproq vaqt davomida ITʼga doir bilgan barcha koʻnikmalarimizni oʻrgatamiz, bu akseleratsiya deb ataladi. Baʼzan menga yoʻl-yoʻriq koʻrsatadigan oʻqituvchim boʻlmagani uchun afsuslanaman, chunki oʻz ustimda ishlash uchun koʻp vaqt sarfladim.
-Yaxshi bazani qurish va IT sohasida ishlashni boshlash uchun qancha vaqt kerak boʻldi?
- Koʻp vaqt, boz ustiga menga oʻrgatib turadigan hech qanday murabbiy yoʻq edi. Hamma narsa oʻzim qidirib topib oʻrgandim. Men kichik loyihalarni amalga oshirish va tajriba orttirish orqali daromad olishni boshladim. Men zarur bazaga juda kech ega boʻldim, chunki parallel vazifalarni bajarish uchun juda koʻp vaqt talab etiladi. Hech kim nima qilishni aytmaydi va shu sababli mendan tortib olmasliklaridan havfsirab yirik loyihalarni olmasdim.
Oʻquvchilarimiz bizga istalgan paytda toʻgʻridan-toʻgʻri murojaat qilishlari mumkin, shuning uchun bu muammo ularga ta’aluqli emas, biz ularning har bir tashabbuskorlari va ishlarida koʻmak berishdan mamnunmiz.
Men birdan daromad qila boshladim. Garchi kam boʻlsa-da, bu pullar kishiga boshqacha iliqlik berardi. Misol uchun ilk daromad sifatida oddiy bir saytni yaratish uchun 240 ming soʻm olganman.
Menga vaqtinchalik ishlardan butunlay voz kechish va IT sohasida rivojlanish va ish tufayli oʻzimni va oilamni toʻliq taʼminlashni boshlash uchun 1,5 yil kerak boʻldi.
Endi hamma narsa tubdan oʻzgardi. Misol uchun, bizning bitiruvchilarimiz baʼzi hollarda mendan ham yuqori daromad olishadi.
- Hozirgi daromadingiz qanday?
- Aniq bir javob berolmayman, lekin hozirgi daromadim menga oʻzim va oilamni taʼminlashga va hatto ortiqcha jamgʻarishga imkon beradi. Qisqa qilib barcha dasturchilar kabi javob beraman — daromadim doimiy xarajatlarim uchun yetarli.
- Dasturlashni qayerda oʻrgangansiz?
- Men bor bilim va maʼlumotlarni internet, turli manbalardan yigʻib oʻrgandim. Menimcha bu holat uzoq davom etgani uchun ancha vaqtimni oldi. Ammo bu menga oʻquvchilarimizga nima kerakligini aniq tushunib yetishimga imkon berdi, shu tufayli oʻquvchilarimizga murakkab va tushunarsiz kod oʻrmonida yoʻl-yoʻriq koʻrsatish uchun nimalarni tushuntirish va koʻrsatish kerakligini aniq bilaman (Internetda keraksiz narsalar juda koʻp, menga ishoning).
- Sizningcha, oliy taʼlim diplomi IT sohasida muhim rol oʻynaydimi?
- Deyarli hech qayerda ishga olish jarayonidagi suhbat davomida sizdan diplom soʻralmaydi, nari borsa rezyume soʻrashlari mumkin. Men bu haqda tez-tez talabalarga gapiraman. Ish beruvchi daromad olish uchun qiziqarli, professional xodimlar esa uni taqdim etishi mumkin. Diplomsiz bilim va tajribaga ega boʻlgan xodim bilan ishlash diplomli, biroq yetarli sohaviy malakaga ega boʻlmagan nomzod bilan ishlashdan koʻra yaxshiroq. Skill = pul, buni esdan chiqarmaslik kerak. Qogʻoz hech narsani hal qilmaydi.
- Nima uchun universitetga kirish fikridan qaytdingiz?
- Chunki xohlamadim. Qiziq emas. Bu menga hech narsa bermasligini angladim.
- Qanday qilib yangi kirib kelganlar IT sohasida ish topishi mumkin?
— Ish qidirishga arziydi, shu orqali nimadir qila olasiz. Eng yaxshi variant, men kabi kurslarga hujjat topshirishdir. Bizdan keyin ular talabni qondira oladigan, dasturlashda ishlay oladigan va malakali kadrlar boʻlib chiqadigan yoshlarni tayyorlamoqdamiz. Albatta, siz mening yoʻlimdan borishingiz mumkin — yaʼni oʻzingiz oʻrganib izlanasiz, ammo oʻrganish tezligi 5 baravar past boʻlishini unutmaslik kerak. Agar imkonim boʻlsa, oʻz vaqtida kurslarga borgan boʻlar edim va ehtimol dasturchilik borasidagi koʻnikmalarim doirasini anchayin kengaytirgan boʻlar edim.
Sohaga yangi kirib kelganlar ham ishni toʻgʻridan-toʻgʻri izlashlari kerak. Tajribali dasturchilardan maslahat olish ham yaxshi, yoki kurslarda qatnashayotganda sizga mavjud ish beruvchilar haqida u yoki bu tarzda maʼlumot beriladi, ehtimol tavsiya qilishadi.
Internetda ham koʻp narsalarni qidirish kerak, chet elda va qoʻshni shaharlarda xodimlarga talab juda koʻp. Siz istalgan vaqtda frilanser boʻlishingiz mumkin, xayriyatki, Prezidentimiz sharofati bilan endi biz frilansda haqiqatan ham muvaffaqiyat qozonish imkoniyatiga egamiz, chunki oʻz-oʻzini ish bilan taʼminlaydigan dasturchilarga juda koʻp imtiyozlar berdi.
- Yirik IT kompaniyalari amaliyot oʻtash uchun yangi kelganlarni qabul qiladimi?
- Amaliyot — nisbiy narsa. Kompaniyamiz muvaffaqiyatli talabalarni qabul qiladi, ular bitirganlaridan soʻng stajyorlar sifatida ishlashga qiziqishadi. Biz ularni juda kuchli mutaxassis sifatida tayyorlashda davom ettiramiz va tez orada kompaniyamiz loyihalari darajasiga mos keladigan “kerakli nuqtaga”ga olib boramiz. Biroq, barcha kompaniyalar stajyorlar uchun, ayniqsa, yangi boshlayotganlar uchun hozircha tayyor emas, shu sababli oʻz taʼlimingizga oʻzingiz sarmoya kiritishingiz kerak (yaʼni professional — kasbiy taʼlimni demoqchiman, oliy oʻquv yurtlari emas). Ushbu sarmoya sizga kasbiy faoliyatingizda oʻsishga, shubhasiz yirik kompaniyalar xodimiga aylanishda yordam beradi.
- Oʻzbekistonda yaxshi dasturchining maksimal maoshi qanday boʻlishi mumkin?
- Ish haqi koʻpincha sir saqlanadi. Koʻpchilik istamaganligi, yoki korporativ maxfiylik tamoyillari tufayli gapirmaydi, ammo haqiqat shundaki, dasturchining oʻrtacha daromadi oyiga 5 dan 16 million soʻmni tashkil etadi. Albatta, koʻp narsa hududga bogʻliq, ammo hech kim yaxshi pul keltiradigan frilans loyihalarni amalga oshirishga toʻsqinlik qilmaydi.
- Oʻzbekistonda dasturchilar oʻrtasida raqobat bormi?
- Bunday raqobat yoʻq, talab taʼminotdan yuqori. Qanchalik koʻp mahorat va tajribaga ega boʻlsangiz, shuncha koʻp loyiha va buyurtma olasiz, tabiiyki, raqobatchi ham kam boʻladi.
ITʼdan voz kechish istagi boʻlganmi?
— Men hech qachon ITʼdan chiqishni xohlamaganman, halicha dasturlashning bu darajadagi ustasi emasman.
— Sohada oʻz yoʻlingizni topib ketishga shubhangiz boʻlganmi?
— Shubhalarmi? Albatta bor edi. Bu yangi kasb va bundan tashqari, menda alohida isteʼdod yoʻq, ammo men, Bill Geyts buni qildi, Stiv Jobs buni amalga oshirdi, demak men ham muvaffaqiyatga erishaman, degan qarorga kelgandim.
— Sohaga yangi kirib kelgan dasturchilarga qanday maslahat bera olasiz?
— Boshlangʻich dasturchilar uchun avval nimani xohlashlarini belgilab olishlarini maslahat beraman:
1) nimani va nima uchun yaratish kerak (mobil ilovalar, veb interfeyslar, maʼlumotlar bilan ishlash, tahlillar);
2) bozorni oʻrganish;
3) bozorning oʻzgaruvchan qoidalariga tayyor turish;
4) Va yana bir bor nimani istayotganliklarini xolislik bilan, vaziyatga toʻgʻri baho bergan holda aniqlab olish.
Agar ular menga oʻxshab koʻp vaqt va asablarni sarflashga tayyor boʻlishsa, unda “Men hamma narsani Internetda oʻzim oʻrganaman” degan yoʻlni tutishlari ham mumkin. Faqat bitta narsani oʻylab koʻring, chunki bu oʻqituvchi oʻrgatganiga qaraganda juda sekin davom etadi.
Agar ularga “ustoz-shogird” uslubidagi taʼlim koʻrinishi ma’qul boʻlsa, u holda tegishli kurs uchun roʻyxatdan oʻtib oʻrganishlarini maslahat beraman.
Kompaniyamiz veb tuzilmalar va dasturlarni ishlab chiqishda rahbarlik qiladi, shuning uchun bizda aniq bir maqsad bor va unga erishishning eng qisqa yoʻlini bilamiz.
Esda tutish kerak boʻlgan asosiy narsa — onlayn kurslardan qoʻrqmang. Men onlayn darslar juda koʻp odamlarni qoʻrqitayotganini payqadim, chunki ular maʼlumot eng yomon formatda taqdim etiladi deb oʻylashadi. Ammo talaba qanday taʼlim olishini birinchi navbatda uning oʻziga boʻlgan talabchanligiga bogʻliq. Murabbiy faqat bilim beradi, barcha savollarga javob berishga tayyor. Ammo intilishsiz va taʼlim olishingiz i nazorat qila olmasangiz, biron bir narsani oʻrgana olmaysiz, haftasiga bor-yoʻgʻi 20-30 daqiqani oʻqishga sarflashdan nariga oʻtolmaysiz. Dasturchining vazifasi kunlik oʻsish va oʻrganishdir. Bundan tashqari, onlayn kurslar oʻziga xos bilimlar koʻmilgan qum maydoniga oʻxshash, siz undan zarur bilimlarni qazib olishingiz kerak, zero kelgusida asosan onlayn ishlaydigan dasturchi uchun oʻqishning ham onlayn tartibi foydadan holi emas.
Emil juda ogʻir yoʻlni bosib oʻtdi va hatto katta imkoniyatlarga ega boʻlmagan holda ham IT sohasidagi bilim va koʻnikmalarini oshirib, Monday Akademiyasi oʻquv markazining direktoriga aylandi. Bugungi kunda odamlar mazkur sohada koʻtarilish uchun koʻproq imkoniyatlarga ega. Sizga qisqa vaqt ichida yaxshi IT mutaxassisi boʻlishingizga imkon beradigan onlayn va oflayn, pullik va bepul koʻplab kurslar mavjud. Agarki, bir vaqtlar Emil kam imkoniyatlar sharoitida buni eplagan boʻlsa, nega endi qila olmaysiz?
Kurslar:
- Monday Akademiyasi kurslari: https://macademy.uz/
- One Million Uzbek Coders uchun roʻyxatdan oʻtish: http://http://uzbekcoders.uz/
- IT markazlari: http://https://www.itcenter.uz/
- IT Park rezidentlari kurslari: https://education.it-park.uz/
2020-09-21