IT sohasiga har kimning oʻz yoʻli bor. Baʼzilar ushbu sohani axborot texnologiyalariga boʻlgan muhabbat uchun tanlasalar, boshqalari katta daromad olish imkoniyatiga qiziqishadi. Bugun biz yosh IT-mutaxassisi Behruz Abduvaliyev haqida gapirib beramiz. U endigina 18 yoshda, ammo dasturiy taʼminotni ishlab chiqishda toʻrt yil faoliyat olib borgan. Hozirda u Uzcard (GENESIS INNOVATION) kompaniyasida Middle Frontend Developer lavozimida ishlaydi.
Bolaligimdan mustaqillikka intildim. Dastlab bozorda turli tovarlar sotardim, ammo vaqt oʻtishi bilan koʻproq pul topish va shu bilan birga boʻsh vaqtim koʻproq boʻlish istagi paydo boʻldi. Kompyuter oʻyinlariga boʻlgan ishtiyoqimni hisobga olib, faqat axborot texnologiyalari dunyosi menga ushbu maqsadlarga erishish uchun imkoniyatlar yaratishi mumkinligini angladim.
Faoliyatimning boshida bu sohada tanishlarim yoʻq edi, lekin tizim administratori boʻlib ishlagan bir kishi meni ilhomlantirdi. Men unga amaliyotchi sifatida ishga joylashdim. Avvaliga kompyuterlarni taʼmirlashni oʻrgandim, lekin tez orada dasturlashga qiziqib qoldim. Veb-dasturlashdagi birinchi qadamlarim YouTube videokurslari bilan boshlandi. Tez orada, ikki oydan soʻng, birinchi buyurtmani oldim va birinchi 200 dollarni ishlab topdim. Bu meni ushbu yoʻnalishda davom etishga ilhomlantirdi.
Taʼlimdagi yoʻlimni Toshkentdagi Kembrij universitetida boshladim va u yerda birinchi semestrni muvaffaqiyatli yakunladim. Biroq, qaysidir payt oʻqish zerikarli boʻlib qolganini va kasbiy oʻsishimni cheklab qoʻyganini his qildim va uni vaqtincha toʻxtatishga qaror qildim.
Menda doimo oʻrganish va rivojlanish istagi boʻlgan va taʼlimni juda muhim deb hisoblayman, ammo tajribam va maqsadlarimni hisobga olgan vaziyatda, bu kasbiy oʻsish foydasiga qilingan qaror edi.
Kelajakda oʻqishni Amerika universitetida davom ettirish niyatidaman.
Men turli davlatlar kompaniyalarida ishlash boʻyicha boy tajribaga egaman va bu 15 dan ortiq loyihalarni oʻz ichiga oladi. Masalan, Chexiya kompaniyasi bilan birgalikda samarali CRM tizimlarini ishlab chiqdik, Ukrainada xaritadan odamlarni topish uchun qiziqarli funksiyaga ega tanishuv saytini yaratdim, Rossiya kompaniyalarida hh.ru ga oʻxshash loyihalarni, shuningdek turli xil Web3 loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirdim. Men xar xil savdo turlarini (spot, arbitraj, fyuchers) oʻz ichiga olgan kriptovalyuta almashinuv platformasini ishlab chiqdim.
Mening moslashuvchanligim va doimiy ravishda mukammallikka boʻlgan intilishim menga turli vazifalarni muvaffaqiyatli bajarishga imkon berdi.
Oʻzbekiston kompaniyalari uchun 5 ta CRM va 2 ta ERP tizimlarini ishlab chiqdim, Akfa Medline va Medion kabi tibbiyot muassasalarida loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirdim. Shuningdek, oʻquv markazlarini avtomatlashtirish uchun LMS tizimini ham loyihalashtirdim.
Mening soʻnggi loyihalarim — foyda, daromad va xarajatlar haqidagi maʼlumotlarini hisobga olish tizimini yaratish (Wildberries loyihasi), shuningdek, SI yordamida texnik yordam olish xizmati.
Hozirda oʻzimning SI yordamida yuridik yordam olish platformam ustida ishlayapman.
Mening uzoq muddatli rejam IT sohasida shaxsiy startap kompaniyamni ochishni oʻz ichiga oladi. Men insonlar hayotini yaxshilashga va haqiqiy muammolarni hal qilishga yordam beradigan xizmatlar va innovatsion mahsulotlar yaratmoqchiman. Bu men intilayotgan orzuim.
IT sohasida faoliyatini endi boshlayotganlar uchun bir nechta maslahatlar bermoqchiman. IT muntazam ravishda rivojlanib boradigan soha, shuning uchun doimiy rivojlanish muhimdir. Asosiysi, nazariya bilan cheklanib qolmaslik, balki bilimlarni amaliyotda qoʻllashni oʻrganishdir.
Bundan tashqari, kasbiy aloqalar tarmogʻingizni yaratish muhimdir. Tadbirlar, konferensiyalar va forumlarda ishtirok etish nafaqat yangi bilimlarni olish, balki hamkorlik uchun imkoniyatlar topishga yordam beradi. Va, albatta, xato qilishdan qoʻrqmang, chunki bu oʻsishning ajralmas qismidir.
2023-10-05