Joriy yilning 21-may kuni maktab o‘quvchilari uchun masofaviy tarzda Xitoy davlati tomonidan tashkil qilingan Asia-Pacific Informatics Olympiad (APIO) - Osiyo-Tinch okeani mintaqasi informatika olimpiadasi bo‘lib o‘tdi.
APIO - mintaqaviy xalqaro olimpiadalardan biri bo‘lib, joriy yilda unda dunyoning 33 mamlakatidan jami 200 dan ortiq iqtidorli yoshlarni ishtirok etdi.
Murosasiz kechgan baxslarda, xalqaro informatika olimpiadasi (IOI)da ishtirok etish uchun saralab olingan terma jamoamiz a'zolaridan biri, Toshkent shahar, Olmazor tumanidagi Ixtisoslashtirilgan maktab 11-sinf o‘quvchisi Dilshodbek Xo‘jayev bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Eslatib o’tamiz, joriy yilning 10-16-aprel kunlari Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida joylashgan “Livingstone Hotel & Resort” dam olish maskanida Raqamli texnologiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda IT-Park ko’magida xorijiy ekspertni jalb qilgan holda “Bootcamp” shaklida tayyorlov mashgʻulotlari o’tkazildi.
Mashgʻulotlar davomida IOI xalqaro olimpiadasida ishtirok etishda jami 12 nomzodga Oʻzbekiston terma jamoasiga daʼvogarlar uchun 10 kunlik treninglar tashkil etildi hamda ularga murabbiy sifatida IOI medallarini qoʻlga kiritgan xalqaro ekspert Bartocz Kostka (Kanada) tomonidan yoʻnalishlar berilgan edi. Ulardan 4 nafari esa IOI xalqaro olimpiadasida ishtirok etish uchun saralab olingan edi.
Biz O‘zbekistonning haqiqiy iste’dodlari bilan faxrlanamiz va bu yo‘lda o‘quvchimizni qo‘llab-quvvatlagan barchadan minnatdorchilik bildiramiz. Qahramonimizga kelgusidagi barcha xalqaro olimpiadalarda muvaffaqiyat va zafarlar tilaymiz!
2023-06-01