“Bu yerning bozori noyob, rivojlanish sur’atlari esa yuqori” – bir qancha IT-kompaniyalar asoschisi Aleksandr Baklanov O‘zbekiston haqida

IT Park O‘zbekistonga ishlash maqsadida kelgan IT-mutaxassislar haqida hikoya qilishda davom etadi. Hikoyamizning bu galgi qahramoni - Nijniy Novgorodlik Aleksandr Baklanov.

Aleksandr “IT Solutions”, Rossiyadagi “RUS2” MChJ va “R2” texnologik kompaniyasi hamda Toshkentdagi “Technology-R2” MChJ va “Meta-R2” kompaniyalarining egasi va asoschisi hisoblanadi. Bundan tashqari, 20-avgust kuni Aleksandr va uning jamoasi butun mamlakat bo‘ylab “Meta-R2” tomonidan amalga oshiriladigan dizayn loyihasini ishga tushirishni rejalashtirmoqda.

“IT Solutions” – bu, asosan, yirik loyihalar, ma'lum bozorda dasturiy ta'minot ishlab chiqish bilan shug‘ullanadigan kompaniya, ya'ni aholining ma'lum bir segmenti bilan ishlaydi.

RUS2 - ommaviy brend, kuchli mahsulot kompaniyasi bo‘lib, u bir necha xizmatlarni o‘zida jamlagan mahsulotlar “qutisi”ga, masalan, veb-saytlarni bepul yaratish, oylik qo‘llab-quvvatlash, har qanday tadbirkor yoki shaxs buyurtma berishi mumkin bo‘lgan federal loyihalar kabilarga ega.  

O‘zining kuchli tajribasi tufayli “RUS2” Nijniy Novgorod viloyatida sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish va uning ijobiy imidjini yaratish bo‘yicha vakolat markazlaridan biridir. Bugungi kunga kelib, “RUS2” tomonidan ishlab chiqilgan ushbu loyihalar Nijniy Novgorod viloyatidagi sog'liqni saqlash muassasalarining 100 foizida amalga oshirildi. Dasturiy ta'minot tizimlari, veb-saytlar, botlar - har bir muassasada  mahsulotlardan biri mavjud. Endi Aleksandr jamoasi 2022-yil avgust oyi oxirigacha muassasalarning 100 foizi mahsulotdan 100 foiz foydalanishini taʼminlashni maqsad qilgan.

Aleksandr Nijniy Novgorod viloyati sog‘liqni saqlash vazirining maslahatchisi va “RUS2” Nijniy Novgorod viloyati hukumatining boshqa tuzilmalari, masalan, Gorkiy sun'iy intellekt markazining vazifalarini amalga oshiradi.

“R2” texnologiya kompaniyasi – bu kichik va o‘rta biznes segmentida tayyor mahsulotlar, eksklyuziv yechimlar bilan shug‘ullanadigan kompaniya.

Ozbekistonga kochib o‘tish haqida

Aleksandr eslashicha, O‘zbekistonga ko‘chib o‘tish g‘oyasi dabdurustdan paydo bo‘lgan.

“Rossiya Federatsiyasida joriy qilingan sanksiyalar tufayli bank xizmatlari bilan bog‘liq ma’lum qiyinchiliklar yuzaga keldi, biz esa nafaqat mamlakat ichida, balki tashqi bozor bilan ham iqtisodiy aloqalarga ega bo‘lganimiz uchun banklararo bozor sezilarli darajada zarar ko‘rishini angladik. Avvaliga biz bu yerga faqat shaxsiy hisob ochish uchun kelishni o‘ylagandik. Ammo keyin Nijniy Novgorod viloyati gubernatorining Telegram-kanalida O‘zbekistonga ko‘rgazmaga kelgani haqidagi xabarni ko‘rdim. Delegatsiya aʼzolaridan biri bilan bogʻlandim, hol-ahvol soʻradim, u javob berdi: keling, koʻrasiz”.

Aleksandr may oyida kichik delegatsiya bilan Toshkentga kelgan edi. Ular IT Park Uzbekistan ofisiga tashrif buyurib, ularga soliq imtiyozlari va preferensiyalar haqida so‘zlab berildi.

“Biz bu yerda kompaniya ochishga qaror qildik. IT Parkni qo‘llab-quvvatlash dasturidan foydalanib, kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish va IT Park rezidenti maqomini olish uchun hujjatlarni taqdim etdik. Aytgancha, birinchisi ham, ikkinchisi ham tez va oson kechdi.”

Shundan so‘ng ular O‘zbekiston bozorini o‘rganishga kirishdilar, uning istiqbollari, tadbirkorlarning munosabati, o‘zini ijobiy tomondan ko‘rsatgan mahsulotlarni baholadilar.

“Bozor bizni shunchalik hayratda qoldirdiki, statistik ma’lumotlarni olganimdan keyin ertasi kuni men qaror qildim: biz shu yerda ofis ochamiz. O‘sha kuni biz ofis uchun joy topdik va mebel sotib oldik. Uch kundan keyin ofis to‘liq ishlay boshladi. Hozirgacha 60 dan ortiq shartnoma tuzilgan va 60-70 ga yaqin muzokaralar olib borilmoqda”. 

Qahramonimiz ta’kidlashicha, qog‘ozbozlik bilan bog‘liq muammolar bo‘lmadi, hamma narsa joy-joyida, mutaxassislar barcha bosqichlarda faol ishladilar, aloqa bilan ham muammo yuzaga kelmadi.

“IT Park bizga buxgalteriya hisobi autsorsingi bo‘yicha kompaniya topishga ham yordam berdi. Mamlakatda sizga yordam berishga doim tayyorlar, bu esa yaxshi”.

O‘zbekistonning IT sohasi haqida

Aleksandrning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistonda IT sohasi hali endi rivojlanmoqda.

“O‘zbekiston hukumati taraqqiyot uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilmoqda, tadbirkorlar o‘zgarishlar borligini ko‘rib, talab borligini, rivojlanish sur’atlari yuqori, lekin mamlakatda hali qilinadigan ishlar ko‘p ekanini tushunmoqda”.

Qahramonning e'tirof etishicha, dastlab u ko‘p sonli binolarga shubha bilan qaragan, u bu yerda kim uchun bunday binolar qurilganiga hayron bo‘lgan, ammo ular to‘lishiga shubha yo‘qligini endi anglab yetdi.

“Bu yerda mutlaqo barcha sharoit va imkoniyatlar mavjud: binolar, idoralar, muassislar uchun qulay soliqlar va daromad olishning foydali tizimi. Eng muhimi, ishlashni xohlovchi va tez o‘rganadigan kadrlar bor. Bu yerda bir nechta tillarni bilish rivojlanganini ham payqadim, bu juda kuchli ko‘rsatkich. O‘zbekistonning yanada faol rivojlanishiga imkon bermaydigan va umumiy taassurotni buzadigan birgina kamchilik bor: o‘ta qimmat narxlardagi havo qatnovi. Sayohat qanchalik erkin va arzon bo‘lsa, shuncha ko‘p bitimlar amalga oshirilishi mumkin. Agar bu muammo hal etilsa, mamlakat tezda IT-xabga aylanadi”.

Oʻzbekiston taassurotlari

Aleksandr O‘zbekistonda o‘zini qulay his qilmoqda, bu yer unga juda yoqdi. Toshkentda u deyarli hamma narsani koʻrishga muvaffaq boʻldi. Qahramon bu yer yashil va toza ekanligini aytdi.

“Men shahar markazida yashayman, u yerda yoʻllar yaxshi. Toʻgʻri, haydash madaniyati oʻziga xos, men ham bu yerda koʻp signal chalishlarini payqadim, uzoq vaqt koʻnika olmayapman. Lekin menga taksichilarning oʻzi yoqadi, ular jim. Naqd pul olish va almashtirishda hech qanday muammo boʻlmadi, hammasi joyida.”

Sharq bozorlari Aleksandrda oʻchmas taassurot qoldirdi va bir soʻz bilan “oʻziga xos” deya ifodaladi. Milliy matolar, esdalik buyumlari, bezakli idishlar koʻzni qamashtiradi. 

Qahramonimizga o‘zbek taomlari ham yoqdi.

“Milliy oshxona o‘zbeklarning gʻururi ekanini bilaman. Ha, taomlar haqiqatan ham juda mazali, hammasini tatib koʻrdim. O‘ylaymanki, tez orada mahalliy taomlarni o‘zim ham tayyorlashni boshlayman”.

U Toshkentdan tashqari Buxoro, Navoiy va Samarqandda bo‘lgan. Qahramonimizga hamma shaharlar, ayniqsa, Samarqand yoqdi. Shaharni poytaxt bilan taqqoslab, u shunday deydi: bular ikki xil dunyo, boshqa-boshqa mentalitet.

“Poytaxtda hayot boshqacha ekani seziladi. Menga Samarqandda an’anaviy qarashlar ko‘proq bo‘lib tuyuldi. Taom miqdori ham koʻproq. Toshkent standartlari bo‘yicha kabob buyurtma qildim, ular esa menga Samarqand standartlari bo‘yicha portsiya olib kelishdi, ya’ni 4 barobarga ko‘p”.

Aleksandrning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistondagi sharoit kelajakda BAA’dagidek boʻladi, ammo bu yerda hali koʻp ishlar qilinishi kerak.

“Shaxsan men har qanday davlatni ikkita ko‘rsatkich bo‘yicha baholayman: 1 – qurilayotgan ko‘chmas mulk miqdori. Bu shuni anglatadiki, talab bor, chunki hech kim hech qachon sotilmaydigan narsaga millionlab sarmoya kiritmaydi. Toshkentda hamma joyda qurilish maydonchalari bor, demak, iqtisodiyot rivojlanmoqda, odamlar bu yerga kelib, mamlakat iqtisodiga pul sarflashadi”.

Ruknimiz mehmoni ta'kidlagan ikkinchi koʻrsatkich - bu taksilar narxi, agar u past boʻlsa, bu yomon koʻrsatkich.

“Taksi narxi takliflar koʻp-u, talab yetarli darajada boʻlmagandagina arzon boʻlishi mumkin. Bu yomon, chunki mamlakatning mehnatga layoqatli aholisi oʻrganish va rivojlanish oʻrniga taksi haydashni afzal koʻradi. Agar boshqa mamlakatlar haqida gapiradigan boʻlsak, unda bu xizmat, avvalo, sifat koʻrsatkichi. Haydovchi boshqa masala."   

Ammo, Aleksandrning soʻzlariga koʻra, buni tuzatish mumkin. Agar hukumat barcha sohalarni qo‘llab-quvvatlab, sarmoya kiritishda davom etsa, O‘zbekistonning kelajagi eng go‘zal va muvaffaqiyatli bo‘lishiga ishonch bildiradi.

“O‘zbekiston to‘g‘ri qadam tashlayotganiga ishonaman. Hukumat soliqlarni olib tashlashga qaror qilgani va IT kompaniyalarining bu yerga kelishiga hissa qoʻshganidan xursandman. Bu esa mahalliy aholining yuqori maoshli ishlarda ish bilan ta’minlanishini va o‘z mamlakati hududida pul sarflashini anglatadi, bu esa iqtisodiyotga kuch beradi”.

Mahalliy aholi haqida taassurotlar

Mutaxassisning soʻzlariga koʻra, mamlakat aholisi yumshoq fe’lli, mehmondoʻst, ozoda, boshqalarni juda hurmat qiladi va "siz" deb murojaat qiladi.

“Men mahalliy aholining mehmondo'stligiga qoyil qolishdan to'xtamayman. Esimda, bir paytlar ko'chada keksa er-xotin bilan gaplashgan edim, ular shunchaki yo'lda otib ketayotgan edi. Uchrashuvimizdan deyarli bir daqiqa o'tgach, ular meni palovga taklif qila boshladilar.”

Aleksandr o‘zbeklar juda tirishqoq va xushmuomala ekanligini ta’kidladi.

“Odamlar ochiqko‘ngil. Men buni ish jarayonida payqadim: kompaniyalarga tijorat taklifi bilan qo‘ng‘iroq qildik. Ular “ha, albatta, yuboring” deb javob berishdi. O‘zbekistonda tijorat takliflarini qabul qilish foizi 98 foizni tashkil etadi. Taqqoslash uchun, Rossiyada bu 3%. Odamlarga munosabat va mentalitetdagi farqning yaqqol misoli”.

U O‘zbekistonni hamkasblari, hamkorlari va tanishlariga tavsiya etishga ulgurdi. Mamlakat ularga ham yoqdi.

“Bir necha do'stlarim mehmonga kelishdi va O'zbekiston ularga yoqdi. Qolaversa, bu yerda hamma rus tilida gaplashadi yoki uni tushunadi. Bundan juda xursandman, shuning uchun mamlakatda bo‘lish menga juda yoqadi”.

2022-08-17