Poytaxtimizda IT Park, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (BMTTD) hamkorligida amalga oshirilayotgan Digital Intership Program (DIP) dasturi yakunlandi.
Loyiha doirasida yakunlovchi tadbirda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi inklyuziv bandlik bo‘yicha dastur menejeri o‘rinbosari Usmon Rahimjanov, IT Park direktorining raqamli ta’limni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari Maxliyo Muhsinova, IT Park startap menejeri va DIP loyihasi kuratori Muyassar Shermatova, shuningdek, IT kompaniyalari rahbarlari va amaliyotchilar ishtirok etdilar.
Qo‘shma loyihaning maqsadi – yoshlarning raqamli dunyoga kirish imkoniyatlarini va ishtirokini kengaytirish, shuningdek, tegishli ta’lim va ish bilan ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat edi. Loyiha raqamli koʻnikmalarni rivojlantirishga qaratilgan – Internetda muhim kontentni topish va baholash qobiliyatidan tortib, Internet-marketing va savdo kabi ilgʻor foydalanuvchi nou-xaulariga qadar.
Umuman olganda, dasturga jami 250 nafardan ortiq qiz ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ulardan 136 ta ishtirokchi birinchi bosqich – test sinovlaridan o‘tgan. Ikkinchi bosqich texnik intervyu bo‘ldi, undan atigi 53 nafar qiz o‘tib, EPAM, TechCells, Scientech Solution, PlusSoft, Nextin studio, SIROCA TECH, MarssTeam, GoodOne, Velvet, Broject, Devops, Ongila, R2 TECHNOLOGY, Advantour, PayWay, Automation source, BePro Norm, Newtec, IT Academy Navoi kabi IT-kompaniyalarda amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Amaliyot davomida O‘zbekistonning turli viloyatlaridan kelgan 53 nafar qiz o‘z raqamli ko‘nikmalarini oshirdi. Amaliyot dasturi natijalariga koʻra, 23 nafar qiz ishga joylashdi, qolganlari esa kompaniyalarda amaliyotni uzaytirishga muvaffaq boʻlishdi.
Tadbir yakunida dasturning barcha ishtirokchilariga DIP qo‘shma dasturidan sovg‘alar topshirildi.
Eslatib oʻtamiz, intensiv qisqa muddatli amaliyot dasturi Inha, Amity, TUIT, Yeoju, Turin kabi oliy oʻquv yurtlarining IT yoki tegishli texnik sohalari bitiruvchilariga hamda boshqa boshlangʻich darajadagi yosh mutaxassis qizlarga moʻljallangan edi. Amaliyot BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan toʻlangan.
Amaliyot dasturi ikki bosqichdan iborat edi: ishtirokchilarni tanlash va oylik amaliyot. Amaliyotning ijobiy natijalari bilan ular amaliyot oʻtagan kompaniyalarda yoki IT Park tomonidan tavsiya etilgan boshqa kompaniyalarda keyingi ishga joylashish huquqiga ega bo‘lishlari mumkin edi.
Dastur doirasida uchta tadbir oʻtkazildi: DIP dasturini ishga tushirish va amaliyotchilarni ish beruvchilar bilan tanishtirish; amaliyotchilar uchun master-klass; DIP dasturining natijalari.
2022-12-14