Digital Leadership Forum doirasida Fingar Direct Investment konsalting kompaniyasi asoschisi bilan IT Park uchrashuvi natijalari

7–9-iyul kunlari Toshkentda ilk bor raqamli yetakchilik sohasidagi eng muhim voqealardan biri bo‘lgan xalqaro Digital Leadership Forumi bo‘lib o‘tdi. Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park ko‘magida o‘tkazilgan tadbirda BPO hamda autsorsing kompaniyalarining yetakchi ekspertlari va vakillari, shuningdek, investitsiyalar, eksport va autsorsing kompaniyalarini jalb qilish bo‘yicha yetakchi maslahatchilar va mutaxassislar yig‘ildi.

Forum davomida NewMark, Unido Digital Media, Ryan Strategic Advisоry, Fingar Direct Investment, Webster Global Site Selector, CX Innovation Institute, TrendzOwl hamda boshqa xalqaro tashkilotlar va agentliklarning yetakchi ekspertlari bilan B2B uchrashuvlari tashkil etildi.

 8-iyul kuni IT Park jamoasi Fingar Direct Investment konsalting kompaniyasi asoschisi Kortni Fingar bilan uchrashdi hamda u bilan O‘zbekistonni mintaqaviy IT-xab sifatida ilgari surish va global IT-kompaniyalarni mamlakatga jalb qilishda ko‘maklashish masalalarini muhokama qilishga muvaffaq bo‘ldi.

Kortni Fingar IT Park haqida ijobiy fikr bildirib, uning qoʻllab-quvvatlashi va sektorni rivojlantirishga koʻmaklashganini taʼkidladi:

“Bu Oʻzbekiston uchun oʻzini yangi IT-xab deb eʼlon qilish uchun juda qulay vaqt. Vaqt bir necha sabablarga koʻra mos keladi: birinchidan, global maʼnoda IT toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar (TXI)ning bir necha barqaror sektorlaridan biri hisoblanadi; ikkinchidan, O‘zbekistonda ushbu sohadagi o‘zgarishlar ro‘y bermoqda, chunki biznes muhitini chinakam jozibador qiladigan koʻplab islohotlar amalga oshirildi: sizda ishchi kuchi, isteʼdod, iroda, hukumat tomonidan koʻmak hamda sifat bor va bularning barchasi o‘rtacha narxlarda.

Menimcha, birgina salbiy tomoni shundaki, dunyo, ehtimol, O‘zbekiston nima taklif qilayotgani haqida hali yetarlicha ma’lumotga ega emas. Biroq bu ham o‘zgarganga o‘xshaydi, forum buni isbotladi”, — dedi Fingar, O‘zbekiston haqidagi taassurotlari haqida.

Kortni Fingar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar (TXI) boʻyicha dunyodagi yetakchi ekspertlardan biri va OAVʼda 20 yildan ortiq tajribaga ega boʻlgan xalqaro investitsiya trendlari boʻyicha taniqli sharhlovchi. U Financial Times, Investment Monitor va boshqa biznes jurnallari bilan hamkorlik qilgan.  Faoliyati davomida u 80 dan ortiq mamlakatlar bilan ishlagan, shuningdek, investitsiyalarni jalb qilish sohasida Buyuk Britaniya parlamenti bilan hamkorlik qilgan.

2023-yil boshida u hukumatlarga investitsiyalarni jalb qilish, hududlar marketingi va kontent yaratish bo‘yicha maslahat beruvchi Fingar Direct Investment konsalting kompaniyasini tashkil etdi. U iqtisodiy rivojlanish, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarga ixtisoslashgan Economic Innovation Practice Group (EIPG) maslahatchilar guruhining katta maslahatchisi.

2023-07-17