East Games bilan oʻyinlar yaratish sohasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

10-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, IT Park bosh direktori Farhod Ibragimov va IT Park ijrochi direktori Abdulahad Qoʻchqorovlar “East Games” kompaniyasi ofisiga tashrif buyurishdi.

Uchrashuvni “East Games” rahbari Anatoliy Tsoy, rivojlantirish boʻyicha direktor Akmal Salixov va Lesta Games” kompaniyalar guruhining maʼmuriy direktori (“East Games” uning bir qismi) Larisa Kotikova oʻtkazishdi.

Tashrifdan koʻzlangan maqsad Oʻzbekistonda oʻyinlar yaratish va oʻyin sanoatini rivojlantirish sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdan iborat edi.

Uchrashuv doirasida Sherzod Shermatov innovatsion kompaniyalarni qoʻllab-quvvatlash, IT-taʼlim va dasturchilar uchun qulay ekotizim yaratish kabi rivojlanishning ustuvor yoʻnalishlariga toʻxtalib, mamlakatning barqaror rivojlanishi uchun raqamli texnologiyalarning muhimligini taʼkidladi.

“East Games” vakillari “Lesta Games” kompaniyalar guruhining hozirgi yutuqlari haqida umumiy maʼlumot berib, uning tarkibida 1700 dan ortiq xodim mehnat qilayotganini taʼkidladi va Oʻzbekiston bilan hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Kompaniyaning jahon bozoridagi mavqeini yanada mustahkamlash borasidagi muvaffaqiyatli loyihalari va rejalari muhokama qilindi.

“East Games” kompaniyasining rivojlantirish boʻyicha direktori Akmal Salixov Oʻzbekistonda GameDev sanoati rivojlanishining batafsil tahlilini taqdim etdi va mamlakat universitetlarida oʻyinlar yaratish boʻyicha taʼlim dasturlarini joriy etish strategiyasi bilan oʻrtoqlashdi. Shuningdek, u “East Games” kompaniyasining Oʻzbekistondagi taʼlim va dasturchilarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi rejalari haqida gapirib, kompaniyaning sohani ommalashtirish, universitetlarda brend sinflarni yaratish va GameDev oʻquv dasturlarini qoʻllab-quvvatlash niyatini taʼkidladi.

Uchrashuv ishtirokchilari IT Park tomonidan qoʻllab-quvvatlash, jumladan, meʼyoriy hujjatlarni qoʻllash va maslahat berish uchun yagona darcha yaratish masalalarini muhokama qildilar. Bundan tashqari, “East Games” huquqshunoslari Oʻzbekistonda mualliflik huquqi toʻgʻrisidagi qonunni modernizatsiya qilish zarurligini taʼkidladilar, chunki raqamli davrda dasturiy taʼminotni ishlab chiqish sanoatining rivojlanishi qonunchilik meʼyorlaridan sezilarli darajada oldinda. Oʻzbekistonda dasturchilarni samarali qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amaliy qadamlar belgilandi.

Muzokaralar yakunlari boʻyicha tezkor axborot almashish va strategiyalarni muvofiqlashtirish uchun muntazam uchrashuvlar oʻtkazishga kelishib olindi. Tomonlar sohani rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish va Oʻzbekistonda IT-xizmatlar eksportini faol qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

2023-11-11