Euroanswer O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirib, global BPO bozorida o‘rnini mustahkamlamoqda

IT Park Uzbekistan Buyuk Britaniya va Ruminiyaning yetakchi biznes jarayonlari autsorsingi (BPO) provayderi “Euroanswer” kompaniyasini qabul qildi. Kompaniya O‘zbekistonda o‘z faoliyatini kengaytirishini e’lon qildi. Ushbu hamkorlik doirasida IT Park eksport bo‘limi rahbari Jahongir Kagirov va “Euroanswer” asoschisi hamda bosh direktori Marian Rayan o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Yevropa bozorlarida yigirma yildan ortiq tajribaga ega bo‘lgan “Euroanswer” mijozlarni qo‘llab-quvvatlash, texnik yordam ko‘rsatish, mijozlar tajribasini boshqarish va xodimlarni tanlash bo‘yicha yuqori sifatli ko‘p tilli xizmatlarning ishonchli provayderi sifatida o‘zini namoyon etdi. Bugungi kunda kompaniya Ruminiya va Shimoliy Makedoniyada uchta xizmat ko‘rsatish markaziga ega bo‘lib, 40 dan ortiq mamlakatlarda 20 dan ziyod tilda mijozlarga xizmat ko‘rsatmoqda.

“Deliver globally. Talk locally.” shiori ostida faoliyat yuritayotgan “Euroanswer” G‘arbiy Yevropa operatsion standartlarini mahalliy jamoalarning professional yondashuvi bilan uyg‘unlashtirgan holda xizmat ko‘rsatish sifatini takomillashtirish, chuqur madaniy tushunish va mijozlar uchun muhim qiymat yaratishga intilmoqda.

Kompaniyaning O‘zbekiston bozoriga kirishi nemis, ingliz va fransuz tillarini biladigan mahalliy mutaxassislar allaqachon Germaniya va Fransiyalik mijozlarga yordam ko‘rsatayotgan muvaffaqiyatli pilot loyihaning davomi bo‘ldi. Ushbu ijobiy tajriba O‘zbekistonning “Euroanswer” global strategiyasidagi istiqbolli yo‘nalish sifatidagi mavqeini mustahkamladi.

“O‘zbekiston iste’dodlar, ochiqlik va strategik salohiyatning noyob uyg‘unligini taqdim etadi, — dedi “Euroanswer” bosh direktori Marian Rayan. — Mutaxassislarning tayyorgarlik darajasi bizni juda hayratga soldi va biz biznesni barqaror hamda uzoq muddatli rivojlantirishga sarmoya kiritgan holda, joriy yil oxirigacha jamoamiz sonini 20 nafar xodimga yetkazishni maqsad qilganmiz.”

IT Park Uzbekistan kompaniyani mahalliylashtirish jarayonini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini, infratuzilmadan foydalanish imkoniyatini taqdim etish, normativ-huquqiy masalalar bo‘yicha maslahatlar berish va xalqaro kompaniyalar uchun maxsus dasturlar doirasida investitsiya jarayonini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

“Euroanswer” kompaniyasining O‘zbekiston bozoriga kirishi mamlakatning yuqori sifatli eksportga yo‘naltirilgan IT va BPO-xizmatlarini joylashtirish yo‘nalishi sifatidagi nufuzining ortib borayotganini ta’kidlaydi. IT Park global kompaniyalar muvaffaqiyatli rivojlanishi va dinamik raqamli iqtisodiyotni shakllantirishga hissa qo‘shishi uchun shart-sharoitlar yaratishda davom etadi.

2025-05-23