29-avgust kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov yoshlar va IT mutaxassislar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Mazkur uchrashuv Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkining yangi qurilgan binolarida bo‘lib o‘tdi.
Muloqotdan asosiy maqsad – yoshlarning fikrini tinglash, ular tomonidan ko‘tarilgan masalalarning yechimini topish hamda davlatimiz tomonidan IT sohasida aynan yoshlar uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlarni yetkazishdir.
Joriy yilning 29-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan “Astrum” IT Akademiyasiga tashrif buyurib, axborot texnologiyalari sohasi mutaxassislari, yosh dasturchilar, IT va kommunikatsiya kompaniyalarining rahbarlari va xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazgandi.
Uchrashuvda mamlakatimiz IT sektoridagi ishlarning bugungi ahvoli va uni yanada rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashilgan edi.
Muloqot davomida hozirda IT sohasi dunyo iqtisodiyotining asosiy drayverlaridan biriga aylanib, barcha sohalarning barqaror o‘sishiga xizmat qilib kelayotgani ta’kidlandi.
Ochiq muloqotda 2022-yil 22-avgust kuni Prezidenting “2022–2023-yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida har yili yoshlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi startap loyihalarini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan umumiy mukofot jamg‘armasi 1 million AQSH dollari bo‘lgan Prezident sovrini uchun tanlovni o‘tkazilish jarayonlari qanday tashkil etish kerakligi yoshlar bilan muhokoma qilindi.
AKT vaziri tomonidan o‘tkazilgan uchrashuv davomida yoshlarning startap loyiharni amalga oshirishlari va ularning IT sohasi rivoji uchun yanada yaxshiroq harakat qilishlari lozimligi ta’kidlandi.
Bugungi kunda IT sohasida yaratilayotgan imtiyozlar va qulayliklar natijasida O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelgan xorijiy kompaniyalar va yuqori malakali mutaxassislar soni keskin oshib borayotgani ta’kidlanib, yoshlarimiz raqobotbardosh kadr bo‘lish masalalari ham e’tibor qaratildi.
Muloqot chog‘ida ishtirok etgan yoshlar va IT mutaxassislarga mazkur yo‘nalishda eksport hajmini oshirish, O‘zbekistonni mintaqaviy IT markazga aylantirishda o‘z hissasini qo‘shish bo‘yicha takliflar berildi.
O‘z navbatida, yoshlarning ham fikr va mulohazalari tinglandi. Ular bilan doim muloqot qilib, ularni qiziqtiradigan savol va takliflarni interaktiv shaklda AKT vazirligiga yuborishlari uchun platforma yaratilishi ham belgilandi. Shu bilan birga, bunday shakldagi ochiq muloqotlar doimiy ravishda o‘tkazilishi aytib o‘tildi.
2022-08-31