Female Startup: ishsizlikni kamaytirishga qaratilgan loyiha

IT Parkning bugungi mehmoni – “GradUz” loyihasi ta’sischisi va texnik direktori 25 yoshli Ummatoy Yo‘ldosheva. Ummatoy, shuningdek, Alulastrada texnik direktor sifatida ishlaydi va AKFA universitetida talabalarga dars beradi.

Qahramonimizning yodga olishicha, loyihani ishga tushirish talabalar o‘qishni tugatgandan keyin ko‘pincha duch keladigan qiyinchiliklar tufayli yuzaga kelgan.

“Biz loyiha asoschisi bilan startap loyihasi g‘oyalarini muhokama qilganimizda, mavzu talabalar bilan bog‘liq bo‘lishi kerak, degan qarorga keldik. Ish topish qiyinligi haqida gaplashdik. Keyin loyiha asoschisi ushbu muammolarni hal qiladigan startap yaratishni taklif qildi. Loyiha menda katta qiziqish uyg‘otdi va biz birgalikda startap ustida ishlay boshladik”.

“GradUz” loyihasi ta’lim sifatini oshirish va ishsizlikni sezilarli darajada kamaytirishga qaratilgan. Ushbu loyihaning boshqalardan ajralib turadigan jihati shundaki, u ta’lim sifatini oshiribgina qolmay, yoshlarning istalgan sohada yutuqqa erishishi, o‘z loyihalarini amalga oshirishiga xizmat qiladi.

“Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2020-yilda universitet bitiruvchilarining 41 foizi o‘qishni tamomlagandan keyin ishga joylashtirilgan. Ushbu 41% talabalarning 33,8% o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlamaydi. Oʻrtacha 73,2% talabalar ishsiz qolgan, Oʻzbekistonda esa 17% talabalar oʻqishni tugatgandan soʻng bir yil ichida ish topa oladi”, - deydi Ummatoy.

GradUz startapining afzalliklari

Qahramonimizning xotirlashicha, dastlabki bosqichda loyiha ba’zi qiyinchiliklarga duch kelgan.

“Loyihaning boshida biz bilan loyihada ishlashni xohlovchi yoshlarni topish qiyin edi. Ammo keyinroq jamoa yig‘ishga muvaffaq bo‘ldik. Bu eng katta yutug‘imiz bo‘ldi desam mubolag‘a bo‘lmaydi, chunki jamoaning har bir a’zosi qobiliyatli va juda harakatchan. Har bir ishtirokchi o‘z salmoqli hissasini qo‘shdi, ularning yordamisiz loyiha bu darajaga chiqa olmas edi.”

Qiyinchiliklar bilan kurashish bunga arziydi – endi loyihaning foydasi juda katta, deya davom etadi Ummatoy. Startap maqsadlari:

• har bir talabaning ish tajribasini oshirish;

• iqtidorli talabalarni aniqlash va ularning rivojiga ko‘maklashish;

• o‘quvchilarni qiziqishlari bo‘yicha guruhlash uchun talabalarning demografik ma’lumotlaridan foydalanish;

• yetakchilar uchun fanlararo hamkorlik;

• professional murabbiylardan ta’lim;

• murabbiylar ko‘magi;

• talabalar uchun o‘z salohiyatini yuzaga chiqarishi va tajriba orttirishi mumkin bo‘lgan raqobat platformasini yaratish;

“Platformaning asosiy funksiyalaridan biri bu talabalar oʻrtasida aloqa oʻrnatishdir. Platforma axborot almashish jarayonini tezlashtirish, iqtidorli yoshlardan o‘rganish, murabbiylar ko‘magiga ega bo‘lish imkonini beradi. Biz loyihaga o‘z mamlakati tajribasini Markaziy Osiyo talabalari bilan bo‘lishib kelayotgan turli mutaxassislarni jalb qildik, bu davlatlar o‘rtasida tajriba almashish uchun imkoniyat yaratmoqda”.

Ayni paytda loyihada Ummatoydan tashqari 10 kishi ishtirok etmoqda.

• Bosh direktor Shoxruh Karimov – loyihaning motivatori va asoschisi, notijorat sektorda katta tajribaga ega.

• Bosh mahsulot dizayneri — Kamola Jasurbekova

• Dizayner yordamchisi — Rahimova Dilorom

• Full Stack Developer — Mahmudjon Inadullayev

• Maslahatchi — Munira Begmurotova

• Dasturiy ta'minot muhandisi — Nodira Ibrogimova

• Frontend dasturchisi — Saodat Sadirbayeva

• Dasturchi — Davronbek Achilov

• Marketing menejeri – Nargiza Xodjaeva

• SMM - Shaxnoza Xoldorova

“GradUz” loyihasi rivoji

Ummatoyning e’tirof etishicha, loyiha ustida ishlash jarayonida eng qiyin jihat loyihadan kerakli va keraksiz g‘oyalarni ajratib olish, keyin esa keraklilarini to‘g‘ri shakllantirish bo‘ldi.

“Ehtimol, bu har qanday startap boshlanishda duch keladigan eng katta qiyinchilikdir. Ammo maqsadni bilsangiz, keraklini keraksizdan qanday ajratishni bilsangiz, muvaffaqiyatingiz kafolatlanadi. Endi biz qiyin bosqichlarni bosib o‘tdik va oldinga intilyapmiz. Loyihani o‘zimiz moliyalashtiramiz, hali sarmoya olganimiz yo‘q, lekin biz bu borada faol ishlayapmiz”.

Ummatoyning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi 2-3 yil ichida O‘zbekistonda startap ekotizimlari jadal rivojlanmoqda va hozirda mamlakatda ko‘plab muvaffaqiyatli loyihalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Asosiysi, Ummatoyning ta'kidlashicha, mavjud muvaffaqiyatli  loyihani o‘zgartirish emas.  Mavjud bo‘lib kelgan startapga yangi g‘oyalar-u qo‘shimcha funksiyalarni qo‘shmasdan uni qayta ommaga taqdim etish muvaffaqiyatga olib kelmaydi, deya qo‘shimcha qildi Ummatoy.

“Oʻylaymanki, yaqin 5 yil ichida startap sohasi Oʻzbekistonda katta muvaffaqiyatlarga erishadi. Axborot texnologiyalari sohasining rivojlanishi va jadal o‘sishi startaplar olamiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi desam, xato bo‘lmaydi. Tumaris.Tech loyihasi tufayli biz Markaziy Osiyodagi ko‘plab startaplar, shuningdek, hamkorlikni taklif qiluvchi trekerlar va o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashuvchi mentorlar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldik. Biz, ayniqsa, Tojikistonlik treker Sherali Jo‘raboyevga bizning taraqqiyotimizga qo‘shgan ulkan hissasi, ko‘magi, hamdardligi, foydali tavsiyalari va shunchaki rivojlanish bosqichida jamoamizni doimo ilhomlantirgani uchun minnatdormiz.”

“GradUz” “Euro Asia Startup Awards” (startaplar uchun moʻljallangan pitch va konferentsiyasiz eng yirik tanlov - tahr.) final bosqichiga chiqdi va 17-oktabr kuni Turkiyada loyihani taqdim etish imkoniyatini qoʻlga kiritdi.

“Loyihamiz xalqaro finalga chiqdi va g‘olib bo‘lmaganimizga qaramay, final bosqichiga chiqqanlar ham Turkiyaga taklif etilganidan xursandmiz. Biz bu muvaffaqiyatdan juda faxrlanamiz, bu biz uchun katta yutuq. Yosh startaplarga maslahatim: to‘g‘ri jamoani shakllantirish, shuningdek, jamoa a’zolarini to‘g‘ri tanlash. Harakatdan charchamang, shunda hammasi, albatta, ro‘yobga chiqadi”

2022-12-23